Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasining yil sarhisobi va istiqboldagi rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, yoshlarning katta maydonda o‘zini namoyon qilishiga rag‘bat ko‘rsatishda, yoshlar manfaatlarini himoya qilishda, muammolarini parlament minbariga olib chiqishga ko‘prik bo‘lishda, qonun ijodkorligida yoshlar ishtiroki ta’minlashda Qonunchilik palatasining bo‘lajak a’zolari hamda siyosatchilarni tayyorlashda, yigit-qizlarni ulkan maqsad va aniq loyihalarga yo‘naltirishda Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyaning o‘rni ortib borayapti.

Hisobot davrida komissiya tomonidan Qonunchilik palatasiga kiritilgan 50 ga yaqin qonun loyihalariga asoslantirilgan takliflar kiritildi. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz yoshlarning muammolarini bartaraf etish maqsadida ular bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi. Yoshlar bilan uchrashuvlarda ko‘tarilgan 836 murojaatning ijro holati sektorlar kesimida nazoratga olindi.

Majlisda yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularning bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish kabi masalalar komissiya faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi ta’kidlanib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA