Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Davron Adilov qurilish sohasida Yevrokodlar ahamiyati, smeta masalasi hamda tenderlar borasidagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi.

– 2021 yil sentyabr oyidan buyon Qurilish vazirligi Koreya Qurilish texnologiyalari instituti (KICT) bilan hamkorlikda “O‘zbekiston shaharsozlik  normalari va qoidalarini takomillashtirish” bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirishni boshladi. Mazkur loyihada qurilish sohasida mutlaqo yangi zamonaviy me’yoriy bazani ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

AQSHning “International Building Codes” (IBC) me’yoriy bazasi bilan uyg‘unlashtirish ko‘zda tutilmoqda. Bunda 2025 yilga qadar yangi me’yoriy baza to‘liq shakllanishi va unga amaldagi me’yoriy bazadan bosqichma-bosqich o‘tish rejalashtirilgan.

Ma’lumki, qaysi bir davlat Yevrokodlarni o‘zida tatbiq qilmoqchi bo‘lsa, birinchi navbatda Milliy ilovalarni ishlab chiqishi lozim bo‘ladi (odatda bunga kamida 3 yil vaqt kerak bo‘ladi). Yevrokodlarga o‘tish Yevropaning o‘zida ham oson kechmagan. Germaniya Yevrokodlarni faqat 2012 yilga kelib qabul qilgan.

Yevropa Ittifoqidan boshqa ko‘pchilik davlatlarda Yevrokodlarning mohiyati chuqur o‘rganilmasdan, qisqa muddatlarda ularni tatbiq etishga urinishlar ko‘p bo‘lib, kutilgan natijaga erishilmagan. Masalan, Rossiya Federatsiyasida 2010-2012 yillar mobaynida 58 ta Yevrokodlarning hammasi tarjima qilingan va ularning milliy ilovalari ishlab chiqilgan. 2014 yilda bu moslashtirilgan Yevrokodlar milliy normalar qatorida muqobil sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Lekin shu bugunga qadar bu Yevrokodlar Rossiyada amaliyotda ishlatilmagan.

Shular bilan bir qatorda, Rossiya Federatsiyasida Yevrokodlar adaptatsiya qilinmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanilib qurilgan 3 ta eksperimental bino (bittasi Domodedova aeroportida), qishning qattiq sovuq kunlari konstruksiyadagi past temperatura bilan bog‘liq ortiqcha deformatsiya oqibatida qulagan.

Hozirgi kunda Sobiq Ittifoq davlatlarining birontasida Yevrokod amaliyotda to‘liq joriy etilmagan. O‘z o‘rnida O‘zbekiston Respublikasi hududida Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasining qurilish sohasida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan shaharsozlik faoliyati sohasida texnik jihatdan tartibga solishga doir milliy normativ hujjatlar bilan bir vaqtda qo‘llanilishiga ruxsat etiladigan xorijiy normativ hujjatlar ro‘yxati belgilangan. Loyihachilarda Yevrkodlardan foydalanishga zarurat bo‘lsa, ularni ishlatishga ruxsat etiladi.

Shu o‘rinda qurilishda smeta masalasiga ham to‘xtalib o‘tmoqchi edim. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 11 iyundagi “Markazlashtirilgan kapital quyilmalar hisobiga ro‘yobga chiqarilayotgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda shartnomaviy joriy narxlarga o‘tish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, qurilishda “Resurs usuli” asosida tasdiqlangan smetalarga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Ta’kidlash joizki, smeta usuli ob’ektning hajmlaridan kelib chiqqan holda qurilish uchun sarf xarajatlarning miqdori va me’yorini aniqlashga imkon yaratadi. Germaniya davlatida xam qurilish loyihalari “resurs” ya’ni “smeta” usulida shakllantiriladi.

Shu bilan birga, ushbu usulni qo‘llashda ayrim ya’ni, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda ko‘p vaqt va mablag‘ talab etilishi, hamda ortiqcha ravishda chegaralab qo‘yilishi kabi kamchiliklari mavjudligi sabab,  bugungi kunda Qurilish sohasini isloh qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 noyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi 26-bandida, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishning “hajm” uslubini bosqichma-bosqich joriy etish belgilangan.

Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Qurilish vazirligi tomonidan bugungi kunda Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishning yangi uslublarini tatbiq etayotgan horijiy mamlakatlar, jumladan Qozog‘iston, Turkiya, Rossiya, Koreya va boshqa davlatlarning bu boradagi  ishlari,  me’yoriy hujjatlari, yangi texnika va texnologiyalari hamda erishilgan yutuqlari o‘rganildi.

Qurilish vazirligining mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruh, Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkazilgan «Qurilishdagi narxlar va BIM texnologiyalar» mavzusidagi  xalqaro konferensiya va amaliy seminarlarda ishtirok etib, Turkiya Respublikasi Atrof-muhit va shaharsozlik vazirligi tomonidan u yerda qurilish amaliyoti, uslublar bilan ham tanishib chiqqan.

Turkiyada loyiha xujjatlarni tayyorlashda qo‘llanilayotgan ish turlari va qurilish materiallari hamda konstruksiyalar narxlari va  qurilishda narxlarni tahliliy ko‘rsatkichlari kabi amaliyotlar tahliliy  o‘rganildi.

Shuningdek, Qurilish vazirligi tomonidan Qozog‘iston Respublikasi “Arxitektura va qurilishda ilmiy tadqiqot va loyiha instituti” AJ ning 6-ta yo‘nalishdagi ya’ni, qurilish materiali, mahsulot va konstruksiyalar, muhandislik uskunalari, qurilish mashina va mexanizmlari, qurilish yuklarini tashish, ish haqi, qurilish-montaj ishlari kabi sohalardagi milliy klassifikatorlaridan foydalanib O‘zbekistonda milliy qurilish klasifikatorlarini yaratish yakuniga yetkazilmoqda.

Ta’kidlash joizki, 2022 yil investitsiya dasturiga kiritilishi ko‘zda tutilgan ijtimoiy soha ob’ektlarini, bosqichma-bosqich loyiha-smeta xujjatlarini ishlab chiqishda “hajm” uslubini sinov-tajriba asosida qo‘llash xamda “shafof qurilish” tizimi orqali o‘tkazilayotgan elektron tanlov (tender)larni yangi bosqichga ko‘tarish ishlari davom etmoqda.

Shu o‘rinda tender masalasi haqida ham aytib o‘tmoqchi edim. Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 31 yanvardagi “Qurilish sohasida elektron davlat xaridlarini tashkil etish va amalga oshirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga muvofiq elektron tender jaryonlari yanada takomillashtirilib, shaffoflik darajasi maksimal darajaga chiqarilmoqda.

Avvalgi tenderlarda xududiy komissiyalar ya’ni inson omili ta’siri kam bo‘lsada mavjud bo‘lgan. Endilikda vazirlik va idoralar axborot bazalari bilan yanada chuqur integratsiya qilingan holda  avtomatlashtirish darajasining  ko‘tarilgani hisobiga mazkur komissiyani jarayonlardan to‘liq bartaraf qilishga erishildi.

O‘zA muxbiri 
Shahnoza Mamaturopova  
yozib oldi.