O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya Qozog‘iston Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida Qozog‘iston Parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev bilan ham uchrashdi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston yaqin qo‘shnilar, vaqt sinovidan o‘tgan hamkorlardir. Xalqlarimiz nafaqat yaqin qo‘shni, balki qardosh sifatida ko‘p qirrali hamkorlikning barcha masalalari bo‘yicha azaldan bir-birlarini tushunib, qo‘llab-quvvatlab kelgan. O‘tgan yillar davomida davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yuqori ishonch va o‘zaro hurmat asosida rivojlanib bormoqda.

Turli darajadagi aloqalarning faollashuvi mamlakatlarimizning ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirishdan manfaatdor ekanini anglatadi.

Har ikkala mamlakat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayevning o‘zaro birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlari keyingi yillarda yanada izchillik bilan rivojlanib bormoqda.

Suhbat chog‘ida Maulen Ashimbayev ikki davlat rahbarlari Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni ta’kidlab, uni qonun chiqaruvchi hokimiyat bilan yuqori darajadagi aloqalar orqali yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.

— Prezidentlarimiz sharofati bilan Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Shu bilan birga, parlamentlararo muloqot muhim ahamiyatga ega. Shu bois parlamentlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik barqaror va rivojlanib bormoqda. Ikki davlat rahbarlarining kelishuvi natijasida tashkil etilgan Parlamentlararo hamkorlik kengashi ham ikki tomonlama parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlaydi, — dedi Maulen Ashimbayev.
O‘z navbatida, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri O‘zbekiston tomoni Qozog‘iston Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlarni olqishlashini ta’kidladi. Shuningdek, Parlamentlararo hamkorlik kengashi Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga katta hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.

Suhbat chog‘ida mamlakatlarimiz qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, norma ijodkorligi sohasida tajriba almashishga doir masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashda parlamentlarning rolini kuchaytirishga kelishib oldilar.

M.Komilova, O‘zA