Tashqi ishlar vaziri Edgars Rinkevichs boshchiligidagi Latviya Respublikasi delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Latviya biznes forumi mamlakatlarimiz iqtisodiy salohiyati va ko‘p qirrali o‘zaro hamkorlik ko‘lamini namoyon etdi. Ikki davlat vazirlik va idoralari, biznes doiralari vakillari ishtirok etgan anjumanda O‘zbekistonda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, o‘zaro manfaatli savdo bitimlari tuzish imkoniyati muhokama qilindi.

Tomonlar ko‘p qirrali hamkorlik istiqbolini belgilash, xususan, qo‘shma investitsiya loyihalarini ko‘paytirish, uzoq muddatli savdo aloqasi o‘rnatishga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, raqamli texnologiya, innovatsiya va startap, o‘rmonchilik va ekoturizm kabi yo‘nalishlardagi hamkorlik jihatlariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Latviya Yevropa Ittifoqi davlatlari orasida O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlaridan biridir. So‘nggi besh yil ichida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi deyarli ikki barobar ko‘paygan.

Tadbir davomida yaqin kelajakda ishbilarmonlar o‘rtasida investitsiyaviy va savdo sherikligini kengaytirish imkoniyatini o‘rganish maqsadida Latviyada qo‘shma tarmoq ko‘rgazmasi va biznes-forum o‘tkazishga kelishib olindi.

– Hozir O‘zbekistonda Latviya investorlari ishtirokida 68 kompaniya faoliyat yuritmoqda, – dedi Edgars Rinkevichs. – Endi savdo, transport, logistika, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va sog‘liqni saqlash kabi qator sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantiramiz.

– O‘zbekistonni rivojlantirishning yangi 5 yillik strategiyasida 2022-2026 yillar davomida biznesni rivojlantirishda umumiy soliq majburiyatini kamaytirish, xorijiy investitsiya jalb qilishga ko‘proq e’tibor qaratilgan, – ta’kidladi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov. – O‘tgan yili pandemiya bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi tovar aylanmasi 30 foiz oshdi.

Forum doirasida o‘tgan V2V va G2V formatidagi uchrashuvlar ikki mamlakat biznes vakillariga o‘zaro fikr, loyiha takliflari almashish, hamkorlik istiqbolini muhokama qilish va aniq kelishuvlarga erishish uchun platforma bo‘lib xizmat qildi.

Anjuman yakuni bo‘yicha qator ikki tomonlama hujjatlar, jumladan, O‘zbekiston – Latviya ishbilarmonlar kengashining ikkinchi yig‘ilishi bayonnomasi, O‘zbekiston va Latviya platformalari o‘rtasida axborot kommunikatsiyalari va innovatsiyalar yo‘nalishi bo‘yicha hamkorlik qilish to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Ulug‘bek Mahmirzayev,

Behruz Xudoyberdiyev,

O‘zA muxbirlari