O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan shahar va tuman hokimligi bilan hamkorlikda mahallalardagi yoshlar yetakchilari ishtirokida qator tadbirlar tashkil etilmoqda.

Nukus shahridagi “Chimbay choyxona” mahalla fuqarolar yig‘inida ana shunday tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Dastlab, tadbirkorlikka qiziquvchi yoshlar uchun “Biznes trening” va “Kardar” ishlab chiqarish korxonasiga sayohat tashkil etildi.

Yoshlar korxona faoliyati bilan yaqindan tanishib, mutaxassislardan tadbirkorlik bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Ayollarni kasb-hunarga qiziqtirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mahorat darsi tashkil etildi. Tadbirda ularga milliy va zamonaviy hunarmandchilik turlari haqida ma’lumotlar berildi. Sportsevar yoshlarni rag‘batlantirish maqsadida “Oydin yo‘l” majmuasidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabida futbol bo‘yicha “Hokim kubogi”, qizlar o‘rtasida voleybol bo‘yicha “Rektor kubogi”, yoshlar o‘rtasida basketbol bo‘yicha “Adliya kubogi” musobaqalarining saralash hamda final bosqichlari, qoraqalpoq milliy xalq o‘yinlari bo‘yicha “Prokuror sovrini” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Nuroniylar va yoshlar o‘rtasida samimiy munosabatlarni shakllantirish, keksa avlodning hayotiy tajribalarini o‘rtoqlashish maqsadida ular ishtirokida shaxmat-shashka, yoshlarning jismoniy salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha stol tennisi, zamon bilan hamnafas yoshlarning qiziqishlarini inobatga olgan holda bouling musobaqalari tashkil etildi.

Yoshlarning vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirish maqsadida 12-sonli umumta’lim maktabida “Yangi O‘zbekistonimga xizmat qilaman” harbiy vatanparvarlik festivali doirasida harbiy texnikalar ko‘rgazmasi, harbiy sport musobaqalari, harbiy orkestr va xonandalar ishtirokida konsert dasturi, kamondan otish musobaqasi, velo va yugurish marafonlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Shuningdek, mahalladagi ijodkor yoshlarni jalb etgan holda kitobxonlik tadbirlari davomida qiziqarli viktorinalar, mushoira, besh muhim tashabbus doirasida “Yosh musavvir” rassomchilik, “Sahro bulbullari” qo‘shiqchilik tanlovlari, “Zakovat” intellektual turnirining final bosqichi tashkil etilib, iste’dod egalari kashf etildi.

Nukus shahridagi 12-son umumta’lim maktabida yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlikning oldini olish bo‘yicha seminar-treningda yo‘l harakati xavfsizligi, o‘ziga xos jinoyat turlari, tergov va ekspert-kriminalistika faoliyati haqida so‘z yuritilgan bo‘lsa, huquq-tartibot organlari faxriylari, harbiylar, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qoraqalpoq akademik litseyi tinglovchilari, “Temurbeklar maktabi” o‘quvchilari ishtirokida “Sharafli xizmat sirlari” mavzusida uchrashuv tashkil etildi.

Ikki kun davomida madaniyat, san’at, sport va qator sohalarda ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbirlar gulxan atrofidagi konsert dasturi bilan yakuniga etdi. Shu mavzudagi tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlarida ham davom etmoqda.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA