O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Latviya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Edgars Rinkevichs bilan uchrashdi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari O‘zbekiston – Latviya kun tartibidagi keng ko‘lamli masalalarni muhokama qildilar. Jumladan, siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqboliga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar parlamentlararo aloqani mustahkamlash, siyosiy muloqotni faollashtirish va ilmiy-gumanitar almashinuv ko‘lamini kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

– O‘zbekistonga bu gal Latviya tashqi ishlar vaziri rahbarligidagi juda katta delegatsiya tashrif buyurgan, – dedi A.Komilov. – Ta’kidlash kerak, O‘zbekiston va Latviya siyosiy yo‘nalishdagi hamkorlikni mustahkamlash bilan birga savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa turli sohalardagi aloqalarni yanada jadallashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Shu bois delegatsiya tarkibida, ayniqsa, salmoqli biznes jamoatchiligi, 30 dan ziyod yirik savdo-iqtisodiy, moliyaviy tuzilmalar, kompaniyalar rahbarlari borligi quvonarli. Albatta biz Latviya hukumatining O‘zbekistonga nisbatan rasmiy iliq munosabatini, mamlakatimizga bo‘lgan yuksak ishonchi, sheriklikni kengaytirishga bo‘lgan intilishini behad qadrlaymiz.

Muloqot chog‘ida o‘zaro hamkorlikning huquqiy asosini kengaytirish zarurati, xususan, bir qator hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqish, ayniqsa, Latviya hududida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan mehnat migrantlari va O‘zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha bir qator hujjatlar, jumladan, tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish hamda bandlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim loyihalarini ko‘rib chiqishni jadallashtirish muhimligi qayd etildi.

Tovar ayirboshlash hajmini oshirish, o‘zaro savdo tuzilmasini diversifikatsiyalash bo‘yicha kelishilgan chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ta’kidladilar. Iqtisodiy diplomatiyani, jumladan, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va o‘zaro savdo missiyalari tashkil etish orqali yanada rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

– O‘zbekistonga oxirgi marta kelganimdan buyon birmuncha vaqt o‘tdi, – dedi E.Rinkevichs. – Respublikaning bugungi kundagi yutuqlari, keyingi yillardagi keng ko‘lamli, izchil isohotlar natijasida mamlakatda yuz bergan ijobiy o‘zgarishlar, yangilanishlar, to‘g‘risi, bizni lol qoldiryapti. Qayd etib o‘tishim kerak, O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlik aloqalari, hatto, pandemiya davrida ham uzilgani yo‘q. Biz doimiy muloqotni nafaqat davom ettirdik, balki faollashtirishga ham muvaffaq bo‘ldik. Eng muhimi, bugun har ikki tomonda o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada rivojlantirishga qiziqish bor.

Vazirlar, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham atroflicha fikr almashdi.

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Latviya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida hamkorlik va maslahatlashuvlar to‘g‘risida protokol imzolandi.

Muzokara yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.

G‘ayrat XONNAZAROV, Oqil G‘ULOMOV (surat), O‘zA