Mamlakatimizda xorijga ishlash istagida ketayotgan migrantlarni huquqiy manfaatlarini himoya qilish, ular uchun qulayliklar yaratish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, bu tadbirlarda fuqarolarni tanlash, tayyorlash, muhitga  moslashtirish, ishga joylashtirish jarayonlari samarali tashkil etilmoqda.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norov ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda aholining muhim savollariga javob berildi.

–  Hozirgi vaqtda Rossiyada ishlash bo‘yicha qanday yangiliklar mavjud?

– 2021 yilning oktyabr oyidan qurilish sohasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun 10 ming fuqaroni Rossiyaga soddalashtirilgan tartibda ishga jo‘natish bo‘yicha pilot loyihasiga start berilgan edi. Hozirgi vaqtda ushbu loyiha doirasida respublikamizning barcha hududlarida tanlovlar o‘tkazilmoqda, muvaffaqiyatli o‘tganlar ishga jo‘nab ketmoqda.

Ushbu loyihaning afzalligi nimalardan iborat?

– Fuqarolarga Rossiyada ishlash huquqini beruvchi patentni rasmiylashtirishda talab etiladigan hujjatlarning aksariyati, xususan, tibbiy ko‘rik, barmoq izlarini olish kabilar ish beruvchilar hisobidan O‘zbekistonda amalga oshiriladi. Shuningdek, ishga nomzodlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va bir komponentli “Sputnik Light” vaksinasi bilan emlash tadbirlari ham rossiyalik mutaxassislar tomonidan tashkil etilmoqda. Ish beruvchilar tomonidan taklif etilayotgan ish haqi miqdori o‘rtacha 40-60 ming rublni tashkil etadi. Ta’kidlash joizki, ushbu jarayonlar, ya’ni O‘zbekistonda fuqaroni tanlashdan boshlab, Rossiyada qonuniy ish boshlashgacha bo‘lgan vaqt ko‘pi bilan O‘zbekistonda 18 kun, Rossiyada esa 7 kunda amalga oshiriladi. Avvallari Rossiyada patent hujjatlarini rasmiylashtirishning o‘ziga 25-30 kun vaqt talab etilganini inobatga olsak, ushbu tadbirlar Rossiyada ishlash istagidagi ko‘plab yurtdoshlarimizning vaqti va xarajatlarini qisqartirishga xizmat qilmoqda.

bugungi kunda Yevropa davlatlariga ishga ketish uchun qanday imkoniyatlar bor?

– Tashqi mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish maqsadida qator rivojlangan davlatlarning vakolatli tashkilotlari bilan kelishuvlarga erishilmoqda. bugungi kunda chet elda ishlash istagida bo‘lgan yurtdoshlarimizni xorijda xavfsiz, manzilli va qonuniy bandligini ta’minlash maqsadida Germaniya, Slovakiya, Latviya, Bolgariya, Polsha, Finlyandiya kabi davlatlarda ishlab chiqarish, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalarida bo‘sh ish o‘rinlari taklif etilmoqda.

Xususan, Germaniya ish beruvchi tashkilotlari tomonidan yuk mashina haydovchisi vazifasiga S,Ye kategoriyasiga ega va nemis tilini V1 darajasida biladigan, tibbiyot muassasalarida ishlash bo‘yicha kichik tibbiyot xodimlari uchun ish o‘rinlari taklif etilmoqda.

Yuqoridagi ish o‘rinlari uchun nomzodlarni ketishdan avval chet tili va kasbiy tayyorlash imkoniyatlari ham mavjud. Ushbu bo‘sh ish o‘rinlari haqida batafsil ma’lumot olish uchun Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga  1282 qisqa raqami yoki 71 kodi bilan 202-33-55 va 200-00-61 raqamlari orqali murojaat qilish mumkin.

Hozirgi vaqtda Koreya Respublikasiga ishchi vizasi bilan ketish mumkinmi?

– COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyatning nisbatan barqarorlashgani sababli 2021 yil noyabr oyi oxirida Koreya Respublikasiga ishchi kuchi jo‘natuvchi barcha davlatlar, shu jumladan O‘zbekistondan Ye-9 ishchi vizasi bilan mehnat migrantlarini qabul qilish jarayoni tiklangan edi.

Afsuski, fuqarolar Koreya Respublikasi tomonidan tan olingan vaksina bilan emlangani hamda ketishdan 72 soat oldin olingan PSR testi natijasiga ko‘ra Covid-19 infeksiyasi aniqlanmaganiga qaramasdan, so‘nggi vaqtlarda ushbu davlat hududiga kirib borgach, yurtdoshlarimizda koronavirus infeksiyasi qayd etilishi holatlari kuzatilmoqda.

Ushbu holatdan kelib chiqib, Koreya Respublikasi Inson Resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan joriy yil yanvar oyidan ketishdan avval 7 kunlik majburiy karantinda bo‘lish va ketishdan 48 soat oldin PSR testini topshirish tartibini joriy etish taklifi berilgan. Shu munosabat bilan, Koreya Respublikasiga ishga ketishga tayyorgarlik ko‘rayotgan yurtdoshlarimizdan karantin qoidalarga qat’iy amal qilish so‘raladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA