Farmon va ijro

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

2021 yilning 9 noyabrida Shotlandiyaning Glazgo shahrida bo‘lib o‘tgan BMTining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi ishtirokchilarining 26-konferensiyasida issiqxona gazlarini kamaytirish bo‘yicha barcha davlatlar tomonidan shoshilinch choralar ko‘rilishi muhimligi haqida so‘z borgan edi.

Unda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ta’kidlaganidek, Parij kelishuvi doirasida O‘zbekiston 2010 yilga nisbatan 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari chiqarishni 35 foizga kamaytirish bo‘yicha qo‘shimcha majburiyat oladi.

Milliy darajada amalga oshirilayotgan qonunchilikdagi o‘zgarishlar va islohotlardan tashqari, bir qator xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonning 2030 yilgacha yashil iqtisodiyotga o‘tish harakatlarini qo‘llab-quvvatlamoqda. 2017 yildan BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan hamkorlikda va Global ekologik fond grant mablag‘lari ko‘magida «O‘zbekistonda energiya samarador qishloq turar joy binolari qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish» qo‘shma loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi O‘zbekiston qishloq aholisini yaxshilangan, arzon va ekologik toza yashash sharoitlari bilan ta’minlashdan iboratdir.


Prezidentimizning 2018 yil 14 noyabrdagi  “Qurilish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi formoniga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvardan boshlab barcha uy-joy qurilishi ob’ektlari loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish bosqichida energiya tejamkor va energiya tejovchi uskunalar bilan jihozlanishi lozim. Loyihaning ko‘magi tufayli respublika hududlarining qishloq uy-joylari qurishda energiya tejaydigan texnologiyalardan foydalanish, energiya tejamkorligini oshiradi va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytiradi.

Bunday «yashil» binolarni loyihalashning asosiy tamoyili issiqlik yo‘qotilishini kamaytirish uchun ilg‘or texnologiyalardan foydalanish va qayta tiklanadigan energiya manbalarida, xususan, quyosh energiyasida ishlaydigan maishiy uskunalardan foydalanish hisoblanadi. Ushbu binolarni qurishda bazalt tolasi asosidagi mineral jundan tayyorlangan issiqlik izolyatsiya materiallar qo‘llaniladi. Binoning mustahkam izolyatsiyalangan tashqi konstruksiyalari qishda issiq va yozda yoqimli salqinlikni saqlaydi.

Qishloq joylaridagi uy-joy davlat qurish dasturi doirasida 2020 yilda Toshkent, Namangan, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida qurilgan 22 ta to‘rt qavatli 24 xonadonli uylarning tomida, GEF grant mablag‘lari hisobidan 600 vatt quvvatga ega quyosh fotoelektr tizimlari (quyosh panellari) o‘rnatilgan. Ushbu qurilmalar xonadonlarni yoritish, quvvatlash moslamalari, televizor va muzlatgich uchun elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi shunday xonadonlardan birining egasi Feruza Shokirova o‘zining yashash tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

– Bu yil biz tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun to‘lovlarni sezilarli darajada tejadik. Biz asosan quyosh panellari energiyasidan uylarimizni yoritish, televizor tomosha qilish va shaxsiy qurilmalarni zaryadlash uchun foydalanamiz. Bunday uylarda harorat osongina nazorat qilinadi, – dedi u.

Buxoro viloyati Peshku tumanidagi «Navbahor» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi kam ta’minlangan oilalar va jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga 20 yil muddatga imtiyozli ipoteka krediti asosida xonadonlar berilmoqda.

– Qizim Ra’no bilan shunday uyda imtiyozli xonadon sotib olganimizdan xursand bo‘ldik, – dedi Navbahor mahallasidagi energiya tejamkor va kam uglerodli 22-uyda yashovchi Rahima Salimova. – Kundalik ehtiyojimiz uchun quyosh panellaridagi elektr energiyasidan foydalanamiz. Bundan tashqari, mahalliy maishiy texnika ushbu quyosh batareyalari quvvatida hech qanday muammosiz ishlaydi.

Qurilish sohasi vakillari ta’kidlashicha, mamlakatimizda, ayniqsa, qishloq joylarda bunday loyihalarning amalga oshirilishi iqtisodiyot barqarorligi, jamiyat farovonligi va qulay muhitni ta’minlash, aholi turmush darajasini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Eng muhimi, 2021 yilda O‘zbekistonda 30 ming energiya tejamkor xonadon qurilib, foydalanishga topshirildi. Ayni paytda mamlakatimizning qishloq joylarida quriladigan energiya tejamkor uylarida yana 60 ming xonadon foydalanishga topshirish bo‘yicha 2022 yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi ishlab chiqilmoqda.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA