Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 29 iyuldagi “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari to‘g‘risida”gi qarori asosida Orolbo‘yi hududida ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda.

Xususan, dengizning qurigan tubida yuz minglab gektar o‘rmon va butazorlar tashkil etilmoqda. Bu mintaqa hududining iqlim sharoitlarini yaxshilash, turli chang bo‘ronlari va qum ko‘chishlarining oldini olishda alohida ahmiyat kasb etadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan joriy yilning 5-6 fevral kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida “Parlamentning Orolga nigohi” mavzusida ekologik aksiya o‘tkazildi.

Aksiya ishtirokchilari tomonidan joylarda yig‘ilgan bir tonnadan ortiq saksovul urug‘i va ko‘chatlari Mo‘ynoq tumanida tashkil etilgan Markaziy shtabga topshirildi. Shuningdek, aksiya ishtirokchilari Orolbo‘yi hududida hasharchilar bilan birgalikda saksovul ko‘chatlarini o‘tqazishdi. Orolning qurigan hududida joylashgan Markaziy shtabda ishchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishildi.

Aksiya davomida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi vakillari Orolning qurigan tubida ekilgan saksovul va boshqa cho‘lga chidamli o‘simliklarni ekish va o‘rmon barpo etilayotganligi bo‘yicha ma’lumotlar berdi.

Shuningdek, Orol dengizining qurigan tubida mehnat qilayotgan o‘rmonchilar uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi, ularning fikr-mulohazalari va takliflari bilan o‘rtoqlashildi. Shtab maydonida o‘rnatilgan sahnada san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.

Muhtarama Komilova,
O‘zA