Qozog‘iston xalqaro axborot agentligi – “Kazinform” O‘zA – O‘zbekiston Milliy axborot agentligi sifatida qayta tashkil etilganiga 30 yil to‘lgani munosabati bilan qozoq, rus va o‘zbek tillarida maqola chop etdi.

“O‘zbekistonning Milliy axborot agentligi 30 yilligini nishonlamoqda” nomli materialda Agentligimiz tarixi, sifatli axborot uzatilishini ta’minlash yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlar, kelgusi istiqbol hususida so‘z boradi.

– bugungi kunda taniqli ijodkor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abusaid Ko‘chimov rahbarlik qilayotgan mazkur agentlik o‘zbek, rus, ingliz, fransuz, ispan, nemis, arab, qozoq va xitoy tillarida axborot tarqatadi, – deya e’tirof etadi yaqin hamkorimiz – “Kazinform” muxbiri.

Matnda ushbu maxsus sanaga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbir to‘g‘risida ham axborot berilgan. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi ichki va tashqi siyosat, jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar xususida tezkor, haqqoniy xabarlar, shuningdek sermazmun tahliliy maqolalari bilan faollik ko‘rsatgan bir guruh xodimlar e’tirof etilgani ta’kidlangan.

Yana bir hamkorimiz – Qirg‘izistonning “Kabar” axborot agentligi ham o‘z veb-sayti orqali O‘zA yubileyiga munosabat bildirgan. “Kabar”ning Toshkentdagi maxsus muxbiri To‘lanboy Qurbonov chuqur tahlil asosida tayyorlagan maqolada, jumladan, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi saytiga yil davomida 100 dan ziyod mamlakatlardan, bir kunda esa 10 mingga yaqin o‘quvchi kirishi, ushbu manbadan jahonning 50 ga yaqin yetakchi, yirik axborot agentliklari muntazam foydalanishi ta’kidlangan.

O‘zA veb-sayti Google, Yandex kabi qidiruv tizimlariga murojaat qiluvchilar orasida yuqori reytingga egaligi, o‘nlab, yuzlab saytlar o‘ta aniq, rasmiy va ishonchli, eng asosiysi, birlamchi manba sifatida O‘zA materiallariga havola berishi, agentlik mobil ilovasi Google Play va Apple Store ilovalariga ulangani e’tirof etilgan.

B.Xudoyberdiyev,
O‘zA muxbiri