4 fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan majlisda Hukumat a’zolari va idoralar rahbarlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis ishi “O‘zbekiston” va “UzReport” telekanallari, shuningdek, Senatning www.senat.uz rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli efirda namoyish etildi.

Dastlab senatorlar Vazirlar Mahkamasining 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining ijrosi bo‘yicha hisoboti eshitildi.

Hukumat hisoboti bilan tanishgan senatorlar davlat dasturidagi aksariyat vazifalar ijrosi ta’minlanganini qayd etdilar.

Xususan, Dasturning 273 ta bandidan 243 tasi to‘liq bajarilgan, 5 ta banddagi vazifalarning ijro muddati uzaytirilgan, 20 ta bandning ijrosi yuzasidan tegishli hujjat loyihalari va takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga, 5 ta bandning ijrosi bo‘yicha tegishli loyihalar Oliy Majlis palatalariga kiritilgan.

Dasturda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida 187 ta normativ-huquqiy hujjat va boshqa hujjatlar qabul qilingan.

Makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlarini saqlab qolishga alohida e’tibor qaratilib, 2021 yilda o‘tgan yilga nisbatan yalpi ichki mahsulot hajmini 7,4 foizga oshirishga erishilgan, chakana savdo aylanmasi hajmi 12,0 foizga o‘sgan, byudjet daromadlari 164 trillion 700 milliard so‘mga ijro etilgan.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 7 800 ta qishloq va mahallalardagi 45 567 ta ob’ektda qurilish, ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari to‘liq yakuniga yetkazilgan. 8 trillion 731 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar hisobiga 20 300 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llarida, 382 ta ko‘prikda qurilish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari bajarilgan. 5 892 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari hamda 559 ta inshoot qurilishi va rekonstruksiya qilinishi natijasida 1 million 500 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan va markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 65,1 foizdan 69,7 foizga yetkazilgan.

Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida belgilangan 23 trillion 500 milliard so‘m mablag‘ to‘liq o‘zlashtirilib, 2 173 ta ob’ekt foydalanishga topshirilgani, shuningdek, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 524 416 nafardan ortiq yoshlarning bandligi ta’minlangani, 32 million 500 ming aholi tibbiy xatlovdan o‘tkazilgani, 14 millionga yaqin yurtdoshlarimiz COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi ikki dozada vaksina bilan to‘liq emlangani alohida e’tirof etildi.

2021 yilda bolalarning maktabgacha ta’limga qamrovi 62 foizga yetgani, maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga qabuli 2020 yilga nisbatan 1,7 baravarga ortgani, yoshlarni oliy ta’limga umumiy qamrov darajasi 28 foizga oshirilib, 170 ming nafardan ortiq o‘g‘il-qizlar oliy ta’limga qabul qilingani ham Yangi O‘zbekistondagi islohotlar jadal davom etayotganligining dalilidir.

Senatorlar dastur ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim kamchiliklar ham mavjudligini ta’kidladilar.

Xususan, Dasturda 50 ta kon va istiqbolli maydonlarni mahalliy va xorijiy investorlarga shaffof mexanizmlar asosida foydalanishga berish vazifasi belgilangan bo‘lishiga qaramay, amalda 20 ta geologik ob’ekt sotilgan.

Ishsiz fuqarolar, ayniqsa, yoshlar, xotin-qizlar, qaytib kelgan mehnat migrantlarini mahalla darajasida kasb-hunarga, tadbirkorlikka o‘qitish ko‘lamini kengaytirish maqsadida mahalla kasb-hunarga o‘qitish maskanlari tarmog‘ini kengaytirish vazifasi yuzasidan tuman-shaharlarda amalga oshirilgan ishlar talab darajasida tashkil etilmagan.

Ijtimoiy-iqtisodiy maqsadlarga yo‘naltirilgan markazlashgan investitsiyalar samaradorligini oshirish, davlat investitsiyalarini boshqarishni baholash (PIMA) tizimi joriy etilmagan.

Erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari tajribasi asosida barcha shahar va tumanlarda “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari”ni tashkil etish vazifasi yetarli darajada bajarilmagan.

Iste’molchilar huquqi ustuvorligini ta’minlagan tadbirkorlik sub’ektlari reytingini joriy qilish tizimi yo‘lga qo‘yilmagan.

Senatorlar davlat dasturidagi topshiriqlar ijrosini ta’minlashda Hukumat va parlament a’zolari, to‘rtinchi hokimiyat hisoblangan ommaviy axborot vositalari, keng jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikda faoliyat olib borsa, ko‘zlangan barcha maqsadlarga albatta erishilishini ta’kidladilar.

Jonli muhokama va qizg‘in savol-javoblar asosida o‘tgan hisobot yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shuningdek, yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Sh.G‘aniyevning qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish hamda shu maqsadda ajratilgan mablag‘lardan foydalanish samaradorligi to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 iyuldagi PF-6024-sonli farmoni ijrosi doirasida 2021 yilda jami 515,2 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar, shundan 197,5 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish joriy qilingan. Natijada suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan jami yerlar 917,0 ming gektarga yoki sug‘oriladigan maydonlarning 20 foiziga yetkazilgan.

Suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish orqali paxta xomashyosini yetishtirish, intensiv bog‘larning 30,4 ming gektarida tomchilatib sug‘orish tizimini tashkil qilish, yangi uzumzorlar barpo etish va ularni suv bilan ta’minlash uchun burg‘ulangan quduqlar qazish va tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etishga jami 1,1 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan.

Shu bilan birga, muhokama davomida senatorlar tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish, yangi uzumzorlarni barpo etish uchun burg‘ulangan quduqlar qazish va tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etishga davlat byudjeti hisobidan ajratilgan mablag‘lardan, suv resurslari hamda suvni tejaydigan texnologiyalardan samarali foydalanishda qator muammolar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.

Xususan, joriy qilingan suv tejovchi texnologiyalarni foydalanish uchun qabul qilish va subsidiya mablag‘lari ajratish bo‘yicha ayrim tuman ishchi guruhlari tomonidan nosoz holdagi texnologiyalarga ijobiy xulosalar berilib, byudjet mablag‘larining maqsadsiz sarflanishiga yo‘l qo‘yilgan.

Qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan bo‘lsa-da, yerlarni an’anaviy usulda sug‘orish va suvdan samarasiz foydalanish holatlarining oldi olinmagan.

Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi hamda hududiy va tuman ishchi guruhlari mas’uliyatsizligi oqibatida texnik talablarga javob bermaydigan 848 ta suvni tejaydigan texnologiyalarning loyihalari joriy etilgan hamda qurilish-montaj ishlari sifatsiz bajarilgan.

Qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni quruvchi aksariyat pudrat tashkilotlari tomonidan hududlarning turli tabiiy iqlim, tuproq, gidrogeolog-meliorativ sharoitlari to‘liq inobatga olinmaganligi, qurilish-montaj ishlari bir xil parametrli loyihalar asosida olib borilganligi natijasida sug‘orish tizimlari nosoz holatga kelgan.

Senatorlar tomonidan ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Suv xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tuman hokimliklari tomonidan zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini qo‘llash hamda ushbu maqsadlar uchun byudjetdan ajratilgan mablag‘larning samaradorligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni kuchaytirish va mas’uliyatni oshirish zarurligi ta’kidlab o‘tildi.

Senatning qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish hamda shu maqsadda ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng adliya vazirining 2021 yilda davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati va huquqni qo‘llash amaliyotining holati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Axborotda bildirilishicha, 2021 yil davomida vazirlikka huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun 2 554 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi kelib tushgan. Ulardan 88 foizi (2 246 ta) huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan va 12 foizi (308 ta) ekspertiza o‘tkazilmasdan qaytarilgan.

Loyihalarning 640 tasi (28 foiz) e’tirozlar bilan qaytarilgan.

Shuningdek, gilotina usulida Hukumatning qarorlari ham qayta ko‘rib chiqilib, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 fevraldagi 87-sonli qarori bilan 1 887 ta qaror o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilgan. Natijada normativ-huquqiy bazada Hukumat hujjatlari 10 foizga qisqargan.

Qayd etilishicha, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan kiritilgan 101 ta hujjatdan 40 tasi qabul qilish maqsadga muvofiq emas, deb topilgan. Bunday holat Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida 97 tadan 30 tani, Transport vazirligida 56 tadan 20 tani tashkil etgan.

Senatorlar tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati hamda huquqni qo‘llash amaliyoti sohasida o‘z yechimini kutayotgan muammolar mavjudligi va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish lozimligi ta’kidlandi.

Jumladan, hududiy davlat organlariga uslubiy ko‘mak ko‘rsatish orqali ularning mazkur yo‘nalishdagi faoliyati samaradorligini oshirish choralarini ko‘rish, normativ hujjat qabul qilgan organ bilan amaliy hamkorlikni keng yo‘lga qo‘yish zarurligi aytib o‘tildi.

Vazirliklar va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjat loyihasini huquqiy, gender-huquqiy va korrupsiyaga qarshi ekspertizalardan o‘tkazishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va boshqa idoralar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, har bir ekspertiza xulosasini vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirish muhim masala ekanligi qayd etildi.

Senatorlarning fikricha, Adliya vazirligi va uning hududiy idoralari davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan taqdim etilgan loyihalarni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish muddatlariga qat’iy amal qilishi, normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilishida ularga ko‘maklashishiga alohida e’tibor qaratishi lozim.

Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

So‘ngra hududlarda yangi ish o‘rinlarini yaratish ishlari samaradorligini ta’minlash yuzasidan parlament nazoratini kuchaytirish masalasi muhokama qilindi.

Joriy yilning fevralidan boshlab hududlarda yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha Hukumat, vazirlik, idoralar va hokimliklar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini tanqidiy o‘rganish, ularning faoliyatiga har oy baho berish amaliyoti joriy etilishi ta’kidlandi.

Shu maqsadda hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar ustidan parlament nazoratini olib borish, bu borada Senat hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining faol ishtirok etishi lozimligi qayd etildi.

Majlis davomida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan har oyda Senatga vazifalar ijrosi bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar kiritib borilishi belgilandi.

Senat tomonidan tegishli qaror qabul qilindi.

Shuningdek, yalpi majlisda Vazirlar Mahkamasiga Internet jahon axborot tarmog‘ida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va zararli axborotdan himoya qilish to‘g‘risida parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra mamlakatimizda ayni vaqtda “Facebook”da 4,7 million, “Instagram”da 3,7 million, “Linkedln”da 288 ming, “Telegram”da 18 million, “Odnoklassniki”da 16,7 million, “Twitter”da 51,6 ming va “V-kontakte”da 2,6 million foydalanuvchi mavjud bo‘lib, ularning ko‘pchiligini yoshlar tashkil qilmoqda.

Internet tarmog‘i orqali tarqatilayotgan g‘arazli ma’lumotlar, turli buzg‘unchi g‘oyalar, odob-axloqni yemiruvchi illatlar aholini tashvishga solmoqda.

“UZ” domenidagi veb-saytlarda milliy mentalitetimizga yot bo‘lgan, fuqarolarning, shu jumladan, yoshlarning ongi, ruhiyati, ma’naviy-ma’rifiy tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan, axloqsizlik, behayolik, pornografiya, shafqatsizlik, zo‘ravonlik, qimor hamda tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar targ‘ibotiga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan materiallar yoki boshqa veb-resurslarga havolalar joylashtirish (foydalanuvchilar tomonidan) kuzatilmoqda.

Bundan tashqari, madaniyat sohasida kechayotgan voqealar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, badiiy film, reklama (jumladan, ko‘chalardagi bannerlar), musiqa va kliplarda faqat pul, boylik hamda ma’naviyatsizlik targ‘iboti mavjud. Ayrim hollarda mutlaqo milliy ma’naviyatimizga zid ko‘rinishlar, sahnalar namoyish etilmoqda.

Shu bois o‘quvchi yoshlarning ongiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan axloqsizlikni targ‘ib qiluvchi kontentlar, diniy adovatni qo‘zg‘atuvchi, tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlar, totalizatorlar, oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan hamda jamiyatda buzg‘unchilik g‘oyalarini targ‘ib etadigan veb-resurslarga qarshi kurashish birgalikdagi ustuvor vazifa ekanligi ta’kidlandi.

Majlisda senatorlar Internet jahon axborot tarmog‘ida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va zararli axborotdan himoya qilish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

So‘ngra gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini ta’minlash holati va sohaga oid qonun hujjatlarining ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida gaz ballonlari bilan jihozlangan transport vositalarining portlashi bilan bog‘liq salbiy holatlar yuz berishiga qator omillar sabab bo‘layotgani aniqlangan.

Xususan, avtotransport vositalariga noqonuniy gaz moslamasini o‘rnatish va ularning o‘z vaqtida texnik ko‘rikdan o‘tkazilmaslik holatlari yildan-yilga ko‘payib borayotgani ta’kidlandi. Bu avtotransport vositalari portlashi bilan bog‘liq mudhish hodisalarni vujudga keltirmoqda.

Jumladan, 2021 yilda avtotransport vositalariga noqonuniy (amaldagi texnik reglament talablariga javob bermaydigan) gaz moslamasi o‘rnatilganligi bilan bog‘liq 2 928 ta holat aniqlangan bo‘lib, bu 2020 yilga nisbatan 61 foiz ko‘pdir.

Gaz ballonlari o‘rnatilgan transport vositalarida 14 ta portlash hamda 2 ta yong‘in chiqish holatlari sodir bo‘lib, ularda 9 nafar fuqaro jarohatlangan va 14 nafari halok bo‘lgan.

Kompressor stansiyalarida avtomobillarning gaz ballonlarini to‘ldirish talab va tartibini buzish holatlari ko‘plab uchramoqda.

Gaz ballonlarini avtomobillarga o‘rnatish va tegishli uskunalarni sinovdan o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik sub’ektlari faoliyati ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatilmagan. Gaz ballonlarining texnik sinovdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida qalbaki dalolatnomalar rasmiylashtirish holatlari mavjud.

Xususan, 2021 yilda 36 nafar yuridik va jismoniy shaxs avtotransport vositalariga qonunchilik talablariga zid ravishda gaz ballonlarini o‘rnatish va sinovdan o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelgan.

Gaz ballonlarining texnik sinovdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida qalbaki hujjatlarni tayyorlash bilan shug‘ullanib kelgan 16 nafar jismoniy va yuridik shaxs aniqlangan.

Ushbu masalalar yuzasidan senatorlar Hukumatga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Shundan so‘ng yalpi majlisda oqova suv tozalash inshootlarida vujudga kelayotgan muammo va kamchiliklarning atrof-muhit hamda aholi salomatligiga ta’siri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi.

Oqova suv tizimlarini yaxshilash bo‘yicha xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan 5 ta loyiha doirasida 33 ta ob’ektning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, 226,4 milliard so‘mlik mablag‘ o‘zlashtirilganligi qayd etildi.

Hududiy laboratoriyalar uchun 8 357 ta maxsus jihoz hamda hududlardagi oqova suv tozalash inshootlariga tirik mikroorganizmlarga boy bo‘lgan biologik va “Defekat” moddasi yetkazib berilgan.

Amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim muammolar ham mavjudligi ta’kidlandi.

Xususan, sanoat korxonalarining oqova suvlar tarkibi ifloslanishi natijasida hosil bo‘ladigan, tozalash inshootlari ishlashining texnologik reglamentini buzadigan moddalar yuqori konsentratsiyada oqizilsa, ularning faoliyatini to‘xtatish tartibi huquqiy-me’yoriy hujjatlarda belgilanmagan.

Sohani mutaxassislar bilan ta’minlashga yetarlicha e’tibor qaratilmagan. Jumladan, oliy ta’lim muassasalarida soha bo‘yicha yetuk mutaxassislar va malakali kadrlar tayyorlaydigan yo‘nalishlar mavjud emas. Natijada oqova suv tozalash inshootlarini loyihalashtirish, qurish, ekspluatatsiya qilish va uning tarkibini aniqlashda muammolar yuzaga kelmoqda.

Uy-joy mulkdorlari va uy-joydan foydalanuvchilar tomonidan ichimlik va oqova suv xizmatlari to‘lovi o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha yetarli choralar ko‘rilmaganligi qayd etildi.

Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi hamda ushbu masala parlament nazoratida qoldirildi.

Yalpi majlisda Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining 2020-2021 yillardagi faoliyati muhokama qilindi.

Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va ma’qullash uchun Senatga taqdim etilgan 12 ta qonun qo‘mita tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari hamda ekspertlar guruhi vakillari ishtirokida dastlabki tarzda ko‘rib chiqilib, Senat yalpi majlisi muhokamasiga kiritilgan.

Nazorat-tahlil faoliyati doirasida Bosh vazir o‘rinbosari hamda Hukumat a’zolarining 11 ta eshituvi tashkil etilgan.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, joylarda aholi bilan uchrashuvlar va sayyor qabullarda hamda jamoatchilik tomonidan ko‘tarilgan masalalar yuzasidan 4 ta parlament so‘rovi yuborilgan. Ularning natijalari Senatning yalpi va qo‘mita majlislarida muhokama qilingan.

Hududlarda 4 ta qonun hamda davlat dasturlarining ijrosi o‘rganilib, natijalari yuzasidan 7 ta qo‘mita qarori va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan 3 ta qo‘shma qaror qabul qilingan.

Yangi tizim asosida yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishini reyting baholash yo‘lga qo‘yilgan. Hudud rahbarlari hamda ularning yoshlar masalalariga mas’ul bo‘lgan o‘rinbosarlarini rag‘batlantirish tartibi va reyting baholash metodologiyasi ishlab chiqilib, ma’lumotlarni tahlil qilib borish uchun platforma (www.yoshlarportali.uz) ishga tushirilgan. Platformadagi ma’lumotlar orqali hududlardagi mutasaddi rahbarlarning faoliyatini baholab borish imkoniyati yaratilgan.

Huquqni qo‘llash amaliyoti va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishini o‘rganish doirasida 8 ta qonun tahlil qilingan. “Muzeylar to‘g‘risida”gi hamda “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi ta’minlangan.

Shu bilan birga, muhokama jarayonida Qo‘mitaning yoshlar, madaniyat va sport sohasida foydalanilmayotgan imkoniyatlari ham mavjudligi ta’kidlandi.

Muhokamalar yakunida Senat qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng Senatning ayrim qo‘mitalari faoliyatini takomillashtirish masalasi muhokama qilindi.

Ma’lumki, bugungi kunda ekologik holatni yaxshilash davlat va jamiyat hayotining eng dolzarb masalalaridan biridir. Mazkur yo‘nalishda qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Majlis davomida Senat ham bu boradagi faoliyatini mazkur dolzarb masaladan kelib chiqib takomillashtirishi zarurligi belgilandi.

Shundan kelib chiqib, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 9-moddasiga muvofiq Senatning ayrim qo‘mitalari faoliyati va ixtisosliklariga o‘zgarishlar kiritildi.

Xususan, Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi faoliyati bevosita ekologiya omiliga bog‘liqligi, qo‘mitaning bu boradagi katta tajribasi inobatga olinib, ekologiya bilan bog‘liq barcha masalalar bilan shug‘ullanish mazkur Qo‘mita zimmasiga yuklandi.

Shuningdek, mamlakatimizda qishloq va suv xo‘jaligini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha keng qamrovli islohotlar olib borilayotgani, shu bilan birga, agrar sohada alohida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan ayrim tizimli muammolar saqlanib qolayotgani bois Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi o‘z faoliyatini qishloq va suv xo‘jaligi masalalariga qaratishi belgilandi.

Shu munosabat bilan mazkur ikkita qo‘mita nomlari o‘zgartirilib, Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi hamda Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi etib qayta nomlandi.

Ixtisoslikdan kelib chiqib, qo‘mitalarning asosiy vazifalari belgilandi va tegishli nizomlar tasdiqlandi.

Senatorlar Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini ham tasdiqladi.

Parlament yuqori palatasining yigirma uchinchi yalpi majlisida 20 ta masala, shu jumladan, 8 ta qonun ko‘rib chiqildi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

Shu kunning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani ham o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati

Axborot xizmati