Ijtimoiy tarmoqlarda Nukus shahridagi markaziy dehqon bozori yonidagi savdo majmuasida ijara narxining ko‘tarilishidan norozi bo‘lgan tadbirkorlar avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Ushbu ishni sodir etgan qilganlikda gumonlangan shaxslarning ishi  Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudida ko‘rib chiqildi.
Qoraqalpog‘iston IIV matbuot xizmati ushbu voqeadan keyin fuqarolarni miting va ko‘cha yurishlari qonun bilan taqiqlangani haqida ogohlantirdi.
Aytib o‘tish kerakki, ushbu holat “Nukus dilisha” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga  qarashli uch qavatli savdo binosida ijara asosida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar tomonidan sodir etilgan.
Manbalarga ko‘ra, do‘konlarning ijara puli so‘nggi 3−4 oy ichida ko‘tarilgan. Yaqinda esa ijarachilarga ijara puli yana 1 million so‘mga ko‘tarilishi ma’lum qilingan. Xususan, ikkinchi qavatda 2−3 million so‘mga ijarada turuvchi tadbirkorlar kelasi oydan boshlab ijara uchun 3−4 million so‘mdan to‘lashlari kerak bo‘lgan. Natijada ijarachi tadbirkorlardan taxminan 50 nafari noroziligini bildirish uchun bozor yonidagi yo‘lni to‘sgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ushbu vaziyatni jamoat tartibini buzish, deb atagandi.
Sud qaroriga ko‘ra, Nukus shahrida yashovchi T.Sh, M.T va J.S.larga nisbatan MJtKning 201-moddasiga muvofiq, yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzgani uchun har biriga 15 sutka ma’muriy qamoqqa olish jazosi tayinlangan.

O‘zA