Xitoyning nufuzli «Beijing Review» jurnali sahifalarida O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda erishilgan yutuqlar, kelgusidagi ichki va tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, 30 yillik diplomatik munosabat samarasi aks etgan, tomonlarning BMT, SHHT va boshqa xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi o‘zaro hamkorligiga bag‘ishlangan turkum maqolalar e’lon qilindi.

Umuman, Xitoyda so‘nggi yillarda O‘zbekiston barqaror va jadal rivojlanayotgan davlatga aylangani, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida iqtisodiyot, davlat boshqaruvi, sud-huquq va boshqa sohalarda keng ko‘lamli va samarali islohotlar amalga oshirilayotganiga yuksak baho berilmoqda.

“Beijing Review” dastlab o‘z o‘quvchilarini mamlakatni siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha ustuvor maqsad va vazifalar qamrab olingan “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” bilan tanishtiradi.

Yana bir maqolada O‘zbekistonning tashqi siyosati, jumladan, davlat rahbarining Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan do‘stona, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslari bugungi kunda natija bera boshlagani ochib berilgan.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi yangi mintaqaviy siyosati tufayli mintaqa mamlakatlari o‘rtasida siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, transport va boshqa sohalardagi hamkorlik sezilarli darajada faollashgan. Do‘stlik va o‘zaro manfaatga asoslangan faol mintaqaviy sheriklik Markaziy Osiyoning zamonaviy tarixida yangi ijobiy burilish nuqtasi bo‘lgan.

Yangi strategiya doirasida, birinchi navbatda, Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatini yanada mustahkamlash asosiy vazifa bo‘lib qolmoqda. O‘zbekistonning tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlari qatorida mamlakat bo‘ylab xavfsizlik, barqarorlik va yaxshi qo‘shnichilik kamarini yaratish alohida o‘rin tutadi.

Nashr, deyarli, barcha sohalarda Xitoy – O‘zbekiston ko‘p qirrali hamkorligini chuqurlashtirishning hozirgi tendensiyasini yuqori baholaydi. Aloqalar bunday jadal rivojlanishining asosiy omili oliy darajadagi faol siyosiy muloqotdir.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikdagi yutuqlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xitoy O‘zbekiston tovarlari uchun eng yirik eksport bozori hisoblanadi. 2021 yilda O‘zbekiston tashqi savdosining umumiy hajmida Xitoy ulushi 17,7 foizni tashkil etdi. O‘zaro tovar ayirboshlash tarkibida nafaqat miqdor, balki sifat jihatidan ham sezilarli ijobiy o‘zgarish mavjud.

“O‘zbekistonga Xitoy investitsiyasining yillik o‘sishi 40-50 foiz oralig‘ida. bugungi kunda Xitoyning bevosita sarmoyasi O‘zbekiston iqtisodiyotining deyarli barcha tarmoqlariga kirib kelgan. Neft-gaz va kimyo sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat sohalari shu jumladan”, — deb yozadi “Beijing Review”.

Nashr ta’kidlashicha, O‘zbekiston va Xitoy hamkorligining mavjud salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish imkonini bergan eng muhim omillardan yana biri milliy iqtisodiyotni liberallashtirish jarayoni bo‘lib, bu ikki davlat o‘rtasidagi sarmoyaviy va savdo hamkorligini kengaytirish uchun barcha eshiklarni ochgan.

Boshqa materiallarda ikki davlatning turizm istiqboli, O‘zbekiston va Xitoyning SHHT doirasidagi hamkorligi natijalari, shuningdek, mamlakatimizning ushbu tashkilotga raisligi davridagi ustuvor maqsadlar ifodalangan.

“Umuman olganda, mamnuniyat bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganining 30 yilligini ikki davlat izchil taraqqiyot, har tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlash yo‘lidagi ko‘zga ko‘ringan yutuqlar sharoitida nishonlamoqda. Bu xalqlarimiz farovonligi yo‘lida tizimli rivojlanib borayotgan Xitoy – O‘zbekiston munosabatlarining ajoyib istiqboliga ishonch bilan qarash imkonini beradi”, — deya xulosa qiladi nashr.

O‘zA