O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvarda “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Unda barchi tizimlar qatorida Energetika vazirligiga ham bir qator ustuvor vazifalar belgilangan.

Vazirlik matbuot xizmati ushbu strategiyaga asosan 2026 yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish evaziga yiliga qariyb 3 milliard metr kub tabiiy gazni tejashni nazarda tutuvchi Prezident qarori loyihasi tayyorlanishini ma’lum qildi.

– Albatta, Taraqqiyot strategiya energetika sohasini rivojlantirish, aholi va iste’molchilar ehtiyojini qondirish chora-tadbirlarini ko‘rishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi, – dedi Energetika vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi Elmira Bekmurodova. – Unda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va qo‘llab-quvvatlash dasturi ishlab chiqiladi va uning ijrosi ta’minlanadi. Unga ko‘ra, umumiy quvvati 4 000 MVt bo‘lgan 8 ta shamol elektr stansiyasi quriladi. Xususan, 2023-2024 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Navoiy viloyatlarida umumiy quvvati 1 600 MVt bo‘lgan 4 ta, 2025-2026 yillarda respublika bo‘ylab umumiy quvvati 2 400 MVt bo‘lgan 4 ta shamol elektr stansiyasini ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, umumiy quvvati 4 000 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Deylik, 2023 yilda Navoiy, Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida jami quvvati 1 100 MVt bo‘lgan 4 ta, 2024 yilda Buxoro, Namangan, Xorazm, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida umumiy quvvati 900 MVt bo‘lgan 5 ta, 2025-2026 yillarda respublika bo‘ylab jami quvvati 1 800 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushiriladi. 2030 yilga qadar quvvati 1 MVtgacha bo‘lgan kichik hajmdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalarining hajmi 1 000 MVtga yetkaziladi.

Bunday sa’y-harakatlar esa qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasini boshqarish tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA