Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda baliq iste’molining minimal me’yori bir yilda bir kishi uchun 12 kilogrammni tashkil etsa, dunyo davlatlarida bu ko‘rsatkich 1 kishi uchun 16,6 kilogrammni tashkil etadi.

Prezidentimiz tomonidan 2021 yil 20 dekabr kuni baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan selektor yig‘ilishda baliqchilikni yanada rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish, mavjud havzalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, intensiv texnologiyalar asosida baliq yetishtirish hajmini ko‘paytirish hamda baliqchilik xo‘jaliklarining ozuqa bazasini mustahkamlash bo‘yicha qator topshiriqlar berilgan.

Jumladan, baliq yetishtiruvchi xonadon egalari uchun yer va mulk soliqlari 50 foizga kamaytirilishini ma’lum qilingan. Bundan tashqari, xonadonlarda kooperatsiya asosida yiliga 80 tonnadan ortiq baliq yetishtirgan klasterlar uch yil muddatga soliqlardan ozod etilishi belgilangan.

Davlatimiz rahbari tomonidan viloyat hokimlariga o‘z hududida baliq yetishtirish holatini tahlil qilib, tadbirkorlar uchun zarur sharoitlarni yaratib berish vazifasi topshirilgan.

Sohada amalga oshirilayotgan islohotlardan maqsad, respublikada baliq yetishtirish hajmini 700 ming tonnaga yetkazish hamda kelgusida yana 10 mingta aholi xonadonida intensiv usulda baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘yish hamda yangi 15 ta baliqchilik klasterini tashkil etishdan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zbekbaliqsanoati” uyushmasi axborot xizmat rahbari Zilola Ro‘ziyeva ishtirokida brifing tashkil etildi.

Brifingda mutaxassis tomonidan o‘tgan 2021 yil davomida sohada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.

Qayd etilishicha, o‘tgan yil mamlakatimizda 364 ta baliqchilik loyihalari amalga oshirilishi natijasida 2 ming 310 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Respublikaning Namangan, Toshkent, Navoiy va Farg‘ona viloyatlaridagi 13 ta baliqchilik loyihalariga 9,4 million dollar qiymatdagi xorijiy investitsiyalar jalb etilgan.

Ushbu loyihalar doirasida lichinka ishlab chiqarish quvvati 470 million dona bo‘lgan 10 ta inkubatsiya sexlari ishga tushirilib, 4,1 milliard dona baliq lichinkalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Baliq chavoqlarini yetishtirishga ixtisoslashgan 873 gektar maydonda quvvati 52 million dona bo‘lgan reproduktor havzalar barpo etilgan va quvvati 15 ming tonna bo‘lgan yuqori sifatli omuxta yem ishlab chiqaruvchi 3 ta korxona hamda quvvati 4 000 tonna bo‘lgan baliqni qayta ishlovchi 8 ta korxona ishga tushirilgan.

Shuningdek, quvvati 4,5 ming tonna bo‘lgan 110 gektar maydonda intensiv suv havzalari barpo etilgan. Tabiiy suv havzalariga 460 ta (quvvati 920 tn.) qafas moslamalari o‘rnatildi. 3 220 gektar oddiy sun’iy suv havzalari intensivlashtirilishi natijasida bir gektar maydonda baliq yetishtirish hosildorligi 2-3 tonnadan 10-12 tonnagacha oshirilgan.

Mutaxassis tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, sovuq suv baliqlarini yetishtirishga ixtisoslashgan korxonalarning quvvati oshirilib, 7 ta xo‘jalik ishga tushirildi. Xususan, Namangan viloyatida “King fish eksport“ MCHJ, “Uchqo‘rg‘on agro eksport” MCHJ, Toshkent viloyatida “Sharq balig‘i“ MCHJ, “Salmondar“ FX va Surxondaryo viloyatida “Qandil parvozi fayz“ FX shular jumlasidandir.

O‘tgan 2021 yilda Buxoro, Jizzax, Navoiy, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida 1 tadan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Samarqand viloyatida 2 tadan jami 9 ta baliq yetishtirish quvvati 3 100 tn., qayta ishlash quvvati 1 550 tn. bo‘lgan baliqchilik klasterlari tashkil etilgan.

bugungi kunda mazkur klasterlar barcha soliqlardan ozod etilishi natijasida 6,5 milliard so‘m imtiyozga ega bo‘ldi. 19 ta baliqchilik xo‘jaligiga davlat tomonidan 3,7 milliard so‘m subsidiyalar ajratildi.

Xitoy, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston, Vetnam, Eron va Tojikiston davlatlariga 8,9 million dollar qiymatdagi 2,2 ming tonna baliq va baliq mahsulotlari eksport qilindi. Yuqoridagi ishlarni tashkil etilishi hisobiga 2021 yilda jami 400 ming tonna baliq yetishtirishga erishilgan.

Ma’lumot o‘rnida, baliqchilik sohasini yanada rivojlantirish, baliq mahsulotlari turlarini ko‘paytirish, eksport salohiyatini oshirish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan 2022 yil 13 yanvarda “Baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.

Mazkur qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 fevraldan boshlab jismoniy shaxslarga o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida o‘z xonadonida baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘yishga ruxsat beriladi.

“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasiga a’zo korxonalar tomonidan xorijiy mamlakatlardan baliqchilik sohasiga ekspert va mutaxassislarini jalb qilish xarajatlari hamda ularning bir yillik ish haqi miqdorining 50 foizigacha, biroq oyiga 1 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan qismi Baliqchilikni rivojlantirish jamg‘armasidan qoplab beriladi.

Bunda, mazkur xarajatlar uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi hisobidan 5 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA