O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Yalpi majlisni Senat Raisi Tanzila Norboyeva ochib berdi.

Majlisda dastlab Senat qo‘mitalarining 2021 yilgi faoliyati sarhisob qilindi. Senat Raisi o‘tgan yilgi faoliyat haqida to‘xtalar ekan, tanqidiy-tahliliy yondashdi.

Joylardagi ayrim senatorlar o‘zlari mansub qo‘mitalardan uzilib qolayotgani, hududlardagi muammolarni parlamentga ko‘tarib chiqishda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgani ta’kidlandi. Faoliyat davomida parlament nazorati institutidan samarali foydalanish, har jabhada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash muhimligiga e’tibor qaratish lozimligi aytildi.

Senat raisi Tanzila Norboyeva hududlardagi senatorlar xalq deputatlari mahalliy Kengashlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi, majlisbozlikni kamaytirib, amaliy ishlarga o‘tishi zarurligini qayd etdi. Senat qo‘mitalari va senatorlar mahalliy Kengashlar deputatlari hamda doimiy komissiyalari bilan hamkorlikni kuchaytirib, joylardagi muammolarni hal etishda tashabbuskor bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.

Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi davom etmoqda.

Muhtarama Komilova, O‘zA