Nukus shahridagi “Do‘stlik uyi”da Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan” hamda “Kiyinish madaniyati” mavzuida seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda ishtirok etgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari R.Saparboyev mamlakatimizda vijdon erkinligi huquqini ta’minlash, millatlararo totuvlik va diniy  bag‘rikenglikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar xususida so‘z yuritdi.

Shuningdek, tadbirda bugungi kunda ba’zi joylarda aholi, xususan, yoshlarning buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga berilib qolishi,  tinch aholi kundalik turmushi va kiyinish madaniyatiga din niqobi ostida ta’sir etish hollari uchrab turgani, bunday noxush vaziyatlarning oldini olishda jurnalistlarning roli haqida gap bordi.

Darhaqiqat, yosh avlodni buzg‘unchi g‘oyalarga ergashtirishni maqsad qilgan ekstremistik oqimlardan asrashimiz, internet taraqqiy etgan ayni davrda  ba’zi tarmoqlarda berilayotgan turli asossiz ma’lumotlarga tayanmaslik lozimligini ularga uqtirishimiz bugungi kun talabi.
Shunday ekan, kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, boy tariximizga sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish, kerak bo‘lsa, ular ongida mafkuraviy, ma’naviy immunitetni kuchaytirishga muhim ahamiyat qaratishimiz lozim.

Maqsad HABIBULLAEV, O‘zA