Mamlakatimizning Fransiyadagi elchixonasi tomonidan «MEDEF Il-de-Frans» korxonalar harakati bilan hamkorlikda O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.

“Tadbirkorlar, o‘sishingiz uchun Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyodagi imkoniyat haqida o‘ylab ko‘ring” mavzusidagi vebinar doirasida tashkil etilgan mazkur tadbirda Il-de-Frans hududiy savdo-sanoat palatasi, «MEDEF Internatsional», «Bpifrance Export» agentligi, «Team France Export Ile-de-France» tarmog‘i, Fransiya bojxona idoralari, shuningdek, Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekistonda biznes yuritishdan manfaatdor kompaniyalar vakillari qatnashdi.

Dastlab ishtirokchilar «Invest in New Uzbekistan» taqdimoti bilan tanishdilar. Farang ishbilarmonlariga yurtimizda qulay investitsiyaviy muhit shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar batafsil namoyish etildi.

Vebinarda O‘zbekiston mamlakat sanoatini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun salohiyatli xorijiy sarmoyadorlar bilan maqsadli ish olib borishga tayyor ekani ta’kidlandi.

Fransiya biznesi vakillariga respublikamizning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari, chet ellik sarmoyadorlar uchun yaratilgan shart-sharoit, imkoniyat xususida to‘liq ma’lumot berildi. O‘zbekiston eksport salohiyatini, mahsulot (qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va boshqa sohalar bo‘yicha) va xizmatlarimizni Fransiya bozoriga olib kirishga urg‘u berildi.

Anjumanda, shuningdek, «Orano», «Total Eren», «Suez», «Veolia», «Renault», «EDF», «Lactalis», «Rungis Semmaris», «Carrefour», «Assystem», «Bi1-Schiever», «Orex Loisirs», «Compagnie des Alpes», «Geode», «Egis» kabi fransuz kompaniyalarining yurtimiz bozoridagi muvaffaqiyatli tajribasi ham alohida qayd etildi.

Vebinarning barcha ishtirokchilari joriy yil mart oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumiga taklif etildi.

«MEDEF Il-de-Frans» xalqaro komissiyasi prezidenti Mishel Jonkeres Samarqand va Buxorodagi tarixiy, diqqatga sazovor maskanlarni ziyorat qilish baxtiga muyassar bo‘lganini aytib, boshqalarga ham O‘zbekiston bo‘ylab sayohat uyushtirishni taklif qildi.

«O‘zbekiston – Fransiyaning Markaziy Osiyodagi muhim hamkori, – dedi janob Jonkeres. – Mamlakatlarimiz savdo aloqalarini rivojlantirishda ulkan salohiyatga ega. Bu ustunlik O‘zbekistonning tarixiy “Buyuk ipak yo‘li”dagi strategik joylashuvi bilan belgilanadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Il-de-Frans hududidagi korxonalar qishloq xo‘jaligi, energetika, yengil sanoat, turizm kabi sohalarda sheriklikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishdan manfaatdor.

Xalqaro komissiya rahbari respublikamizda xorijiy sarmoyadorlar uchun belgilangan imtiyozlarni yuqori baholab, «O‘zbekiston va Fransiya eksport-import masalasida bir-birini to‘ldiradi», – dedi.

Tadbir yakunida «MEDEF Il-de-Frans» korxonalar harakati bilan O‘zbekiston va Fransiya tadbirkorlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘zA