Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 4-apreldagi “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda hududlarda uning filiallari tashkil etildi. Xalqimizga yuqori sifatli, zamon talablariga to‘la javob beradigan tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida markazning yetuk mutaxassislari viloyatlardagi muassasalarga rahbar etib tayinlandi.
Jumladan, markazning Samarqand filialiga Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo‘lim boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatgan tibbiyot fanlari doktori, professor Mirjalol Jo‘rayev direktor etib yuborildi.
Yangi rahbar boshchiligida filialda keyingi besh oyda qanday ishlar amalga oshirildi? Prezident qarorida belgilangan vazifalar ijrosi nechog‘li bajarilmoqda? Ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatdan aholining ko‘ngli to‘lyaptimi?
Samarqand viloyati matbuot uyida o‘tkazilgan navbatdagi matbuot anjumanida shu va boshqa savollarga javob berildi.
Ta’kidlandiki, viloyatda onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish borasida bir qator yo‘nalishlarda ish olib borilmoqda. Avvalo, filial mutaxassislaridan iborat ishchi guruhlar tashkil etilib, o‘sma kasalliklari profilaktikasi va xastalikni barvaqt aniqlash maqsadida barcha shahar va tumanlardagi bemorlar ko‘rikdan o‘tkazildi. Mahallalarda sog‘lom turmush tarzi, tibbiy madaniyat, saraton oldi kasalliklari va saratonning ilk bosqichlari belgilari to‘g‘risida tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borildi. Viloyatning 9 tumani tibbiyot birlashmasida onkolog xizmati yuklatilgan nomutaxassis xodimlar o‘rniga filialning malakali onkologlari ishga joylashtirildi.
Saraton diagnostikasi va davolashning zamonaviy usullari keng joriy etildi. Natijada Samarqandda ilk bor qizilo‘ngach saratoni bo‘yicha murakkab jarrohlik operatsiyasi amalga oshirildi. Me’da saratoni bo‘yicha kengaytirilgan gastrektomiya va bir vaqtning o‘zida sun’iy oshqozon yasash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. O‘pka saratoni bo‘yicha lob va pulmonektomiya jarrohlik amaliyotlari bajarildi. Ko‘ks oralig‘i o‘smalari bo‘yicha ko‘ks orti o‘smalarini olish boshlandi.
Shu va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha Samarqand tibbiyoti tarixida ilk bor 62 yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti bajarildi.
Bugungi kunda viloyat aholisining saraton bilan bog‘liq xastaliklarni aniqlash va davolash uchun poytaxtga yoki xorijiy davlatlarga borishiga deyarli hojat qolmadi. Barcha tibbiy muolajalarni filialning o‘zida ko‘rsatish uchun zarur sharoit yaratilmoqda. Joriy yilda gammaterapevtik, angiograf apparatlari, ultratovush tekshiruvi uskunasi va boshqa zamonaviy jihozlar olinganidan so‘ng nur terapiyasi va boshqa murakkab amaliyotlarni ham shu yerda bajarish mumkin bo‘ladi.
O‘tgan davr mobaynida filialning 5 nafar yosh xodimi Hindistondagi BLK klinikasida onkologiyaning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha malaka oshirib keldi.
– Davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlar tufayli Hindistondagi klinikada tajriba o‘rganib kelib, O‘zbekistonda birinchi marotaba sut bezi saratonida jarrohlik amaliyotidan so‘ng kuzatilishi mumkin bo‘lgan limfostaz asoratining oldini olish maqsadida limfa-venoz anastomoz qo‘yishni yo‘lga qo‘ydik, – deydi filial shifokori Sohibjon Uzoqov. – Hozirgacha uch nafar bemorda bu amaliyot muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Kelgusida ushbu yo‘nalishda ilmiy izlanishlarimizni davom ettirib, kasallikni davolashning yangi metodlaridan keng foydalanmoqchimiz.
Xorijda malaka oshirib kelgan yana bir yosh mutaxassis Parvina Zaripovaning aytishicha, ayni paytda filialda a’zo saqlovchi operatsiyalarni yo‘lga qo‘yishga hozirlik ko‘rilmoqda. Bu ko‘krak bezi saratoni bilan og‘rigan bemorlarni samarali davolash hamda ularga psixologik yordam berishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Joriy yilda filialning yana o‘ndan ortiq xodimini Turkiyaning “ACIBADEM” klinikasiga, shuningdek, N.Bloxin nomidagi Rossiya onkologiya ilmiy markaziga malaka oshirishga yuborish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Rossiya onkologiya ilmiy markazi
ning morfologiya va kimyoterapiya bo‘yicha yetuk mutaxassislari bir oy davomida Samarqand filialiga kelib mahorat darslari o‘tkazadi.