Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesusning bayonotiga ko‘ra, 2022 yil o‘rtalarigacha yer yuzi aholisining 70 foizini emlash zarur.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining JSST tavsiyasi asosida tayyorlangan ko‘rsatma xatiga muvofiq, mamlakatimiz aholisi o‘rtasida koronavirus infeksiyasiga qarshi immunitetni oshirish maqsadida 2021 yil 17 noyabrdan boshlab to‘liq vaksina kursini olgan fuqarolar (2 yoki 3 marta emlanganlar) buster doza bilan ixtiyoriy emlanmoqda.

Xo‘sh, buster doza nima o‘zi? Buster doza to‘liq emlangan fuqarolarning kasallikka qarshi immunitetini mustahkamlash maqsadida yana qaytadan bir marotaba oladigan vaksina dozasi bo‘lib, birinchi dozani olgan kontingiyent 6 oy o‘tgandan so‘ng buster doza qabul qilishi lozim. Avval qanday vaksina bilan emlanganidan qat’i nazar, buster dozani vaksinaning har qanday turidan foydalangan holda olishi mumkin.

Ma’lumot uchun, hozirgi kunda mamlakatimizda 7 turdagi vaksinalar mavjud – fuqarolar istagan vaksina turi bilan emlanishi mumkin. Mamlakatimizdagi barcha davolash-profilaktika muassasalarining emlash punktlarida buster doza bilan emlash tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Mohigul Qosimova, O‘zA