Prezidentimiz asos solgan xalq bilan muloqot tizimi, aholi muammolari bilan ishlashning aniq mexanizmi, Xalq qabulxonalari va sektorlar hamkorligi tufayli bugun ijtimoiy himoyaga muhtoj ming-minglab insonlar o‘zining kichik, mo‘’jaz qut-baraka manbaini barpo qilmoqda.

Orolbo‘yining nafaqat shahar va tuman markazlari, balkim eng olis, chekka ovullarida ko‘plab insonlarni davlat qo‘lloviga tayanch, ertangi kunga ishonch va albatta farovon hayotga intilish, niyat, so‘z va amal yakdilligi birlashtirib turibdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Xalq qabulxonasi Axborot xizmatining O‘zA muxbiriga ma’lum qilishicha, o‘tgan yil davomida aholidan 22 ming 545 murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 12 ming 900 dan ziyodi qanoatlantirilgan. Sohalar kesimida tahlil qilinsa, eng ko‘p murojaatlar ish va uy-joy bilan ta’minlash, ijtimoiy nafaqalar, bank kreditlari, gaz hamda elektr ta’minoti, majburiy ijro, aliment va qarz summalarini undirish kabi masalalardan kelib tushgan.

Beruniylik Nigora Qo‘ziboyeva 9 yil avval turmushdan ajralgach, ikki farzandini ulg‘aytirish, ro‘zg‘or tebratish mashaqqatini yelkasiga oldi. Avval uyda tikuvchilik qildi, chevar sifatida tanildi. So‘ng tikuvchilik korxonasi ochish masalasida yordam so‘rab murojaat qildi. Murojaatidan keyin bu ayolga o‘zi yashayotgan Alisher Navoiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini binosidan bir xona beg‘araz ajratildi, 28,5 million so‘m kredit berildi. Nigora bu pulga tikuv mashinalari sotib olib, shu yil avvalida ish boshladi, 6 nafar xotin-qizni ishli qildi. Mas’ullar hamisha uning faoliyatini o‘rganib, muammolarini hal qilishda yordam berib bordi.

Nigora Qo‘ziboyeva ishning ko‘zini bilgani uchun ham o‘tgan yil “Yil ayoli” milliy tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida “Eng faol ishbilarmon ayol” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Ishlari yurishib ketgan ayol yaqinda yer ham sotib oldi. Ikki qavatli tikuvchilik korxonasi qurish uchun poydevor tiklatdi.

Surxondaryolik eksportyor hunarmand Jumagul Yormatova esa Ellikqal’a tumaniga kelib, Xalq qabulxonasi va sektorlar bilan hamkorlikda ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash bo‘yicha kattagina loyiha boshlagan. U o‘n yildan beri Surxondaryoda ipak, paxta tolasi, qo‘y va tuya yungidan kalava olib, gilam tayyorlaydi. Ularga ro‘yan ildizi, za’faron urug‘i, piyoz, yong‘oq va anor po‘stloqlari bilan rang beriladi. Yuz foiz tabiiy mahsulotdan tayyorlangan gilamlar asosan Germaniya, Fransiya, Rossiya, Eron, Pokiston, Turkiya, Saudiya Arabistoni kabi davlatlarga eksport qilinadi.

Jumagul opaning korxonasi bir oyda o‘rtacha 300 kvadrat metr gilam tayyorlashga ulgurmoqda, xorijdagi hamkorlar esa oyiga ming kvadrat mahsulotga buyurtma bergan. Shuning uchun ham opa Ellikqal’ada kamida 200 ta xotin-qizning o‘z uyida shu ish bilan band bo‘lishini ta’minlashni maqsad qilgan.

Hozircha bir oyda ishsizlik masalasida murojaat qilgan o‘n nafar ellikqal’alik xotin-qizga qorako‘l qo‘ylari yungidan ip yigirishni o‘rgatdi. “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi hisobidan ularga ip yigirish dastgohlari olib berildi. Endi ular uyida o‘tirib, ip yigiradi, gilam to‘qiydi. Eksportyor ayol ularga yuvilgan qo‘y yungini yetkazib berib, kalava va gilam sotib oladi. Tayyor mahsulotni esa xorijga eksport qiladi.

Beruniylik 27 yoshli Enajon Matdurdiyeva ayollar uchun bir oz noodatiyroq kasb – temirchilik bilan shug‘ullanib ikki farzandini ulg‘aytirmoqda. U ishni avval temir darvozalarga bo‘yoq sepishdan boshlagan. So‘ng temir kesish-u payvandchilikni ham o‘rgangan. Enajonning murojaatidan so‘ng unga payvandlash uskunasi olib berildi, kredit ajratildi va u yaqinda mana shu bir xonada o‘zining kichik sexini tashkil qildi.

Enajon yonidagi boshqa ustalarning ham darvoza-eshiklarini bo‘yoqlab berib, oyiga 3-4 million so‘m ishlab topadi. Aytishicha, bu mablag‘ unga yetib turibdi. O‘zi yasagan mahsulotlardan kelgan daromadga esa yana temir xomashyosi sotib olib, eshik-darvozalar turini ko‘paytirmoqda. Asosiy maqsadi – shu yo‘nalishda o‘zining katta korxonasini tashkil qilish.

Beruniy tumanining “Tinchlik” ovulida yashovchi Qudratjon Ismoilov va Sarvinoz Hayitboyeva turmush qurganiga ikki yilcha bo‘ldi. Uylanguniga qadar Qudratjon xorijda ishlab yurdi. Farzandli bo‘lgach ish izladi, biroq istag-u imkoniyatlar hech kelishmadi. Oilasini tashlab yana migrant bo‘lishdan boshqa imkon qolmagan paytda aholi muammolarini uyma-uy o‘rganish bo‘yicha Ishchi guruhi ulardan ahvol so‘rab kelib qoldi-yu, bu oilaning taqdiri boshqa o‘zanga burildi. Dastlab 7 oy oldin ikki yoshga jami 66 million so‘m kredit ajratildi, ular bu pulga 400 bosh broyler tovuq jo‘jasini sotib oldi. Jo‘jalar 45 kunda tovuq bo‘ldi, pul bo‘ldi. So‘ng ular inkubator olib astoydil ishga kirishib ketdi. Xalq qabulxonasi, sektorlar mas’ullari va mahalla raisi ularning muammolarini doimo o‘rganib, hal qilishda ko‘mak berib bordi.

Mana, jo‘jani kuzda sanashgan edi, tovuqlari soni 2 ming 300 boshdan oshibdi. Kun-kunora tovuq go‘shti, tuxum sotish bilan yosh oila o‘z uyida barcha xarajatini chegirib tashlaganda 5-6 million so‘m sof foyda olmoqda. Davlatimiz yordami bilan yana bir oila yetti oyda nafaqat o‘zini tiklab oldi, balki yaxshigina tadbirkorga ham aylandi. Bu oila erishayotgan natijadan ulardan ham ko‘ra mas’ullar o‘n karra sevinmoqda. Axir bir oilaning o‘z mehnati bilan o‘zini tutib ketishi – ko‘p oilaga ibrat, ko‘p murojaatga aniq yechim.

Darvoqe, Qudratjon veterinariya yo‘nalishida texnikumga o‘qishga kirdi. Endi jo‘jalarni ko‘rikdan o‘tkazish-u emlash bilan ham uning o‘zi shug‘ullanadi.

Ellikqal’alik 22 yoshli Maftuna Rajabboyevaning ham kuyovi va qaynotasi xorijda chilangarlik qilib, oila boqardi. Maftuna sayyor qabulga borib, murodi hosil bo‘lgach, ular 33 million so‘m kredit evaziga 1 ming 800 bosh bedana olib parvarishlashga kirishdi. Qisqa vaqtda bu oila ham o‘z uyida binoyidek daromad ola boshladi. Bedana go‘shtiga ham talab katta. Oylik kredit to‘lovini uzog‘i bir haftada ishlab topadi, qolgani foyda. Endi bu oila qo‘shimcha yer olib kattagina bedana fabrikasi qurmoqchi. “Inson qadri uchun” degan hayotbaxsh g‘oyaning amaliy natijasi o‘laroq yana bir oila o‘z qaddini tiklab oldi.

Ellikqal’alik Muqaddas Raimova esa 2018 yili murojaatidan so‘ng turmush o‘rtog‘i To‘rabek Zoirov bilan kredit olib “Ixlos” mahallasida 50 o‘rinli ikkita oilaviy bog‘cha faoliyatini yo‘lga qo‘ygan edi. Bu mahallada yagona maktabgacha ta’lim tashkiloti shu bo‘lgani uchun ham davlat byudjetidan ularning ikki nafar ishchisiga oylik to‘lanadi, bolalar uch mahal taomlanishi uchun mahsulotlar yetkazib beriladi.

Yaxshigina daromad topgan bu oila tezda o‘zini tiklab oldi. Bu yil ular uyidagi 1,5 sotix yerga issiqxona qurib, oz emas, ko‘p emas, 7 tonna bodring olishdi. Hozir ko‘katlar va ismaloq urug‘lari sochishgan. 500 bosh broyler tovuq olib, parhez go‘sht yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi. Yaqinda To‘rabek Zoirov murojaatidan so‘ng unga ajratilgan 33 million so‘m kredit evaziga 5 bosh zotdor ispan echkisini olgan edi, echkilarning to‘rttasi uloqladi – biri ikki bo‘ldi. Bundan ham kuniga 20 litr sut olinib, bozorga chiqarilmoqda. Ko‘p tarmoqli oilaviy tadbirkorlik daromadi esa chakki emas. Shuning uchun ular yana qo‘shimcha yer sotib olib, bu tarmoqlarni kengaytirish niyatida.

Ullibog‘lik 70 yoshli Norgul Abdullayevani To‘rtko‘lda gulchi sifatida yaxshi tanishadi. Onaxon uch yil burun murojaatidan so‘ng 120 million so‘m imtiyozli kredit olib, 10 sotixli dehqonchilik xo‘jaligida issiqxona barpo qilishga kirishgan edi. 6 sotixdagi issiqxona avji hosilga kirganda, o‘tgan yili qishda kuchli qor-u shamol bo‘lib, ikki yillik mehnat havoga uchdi: gul-u limonlarni sovuq urib ketdi. Issiqxona yaydoq daladek bo‘lib qoldi.

Ammo opa taslim bo‘lmadi, o‘g‘li bilan issiqxonasini qayta tikladi. Ayni paytda bu yerda olendra, anjiryaproq, shefflera kabi 60 turdan ziyod tropik va mahalliy gullar parvarishlanmoqda. Yaxshi niyatlar bilan limon, apelsin, mandarin, banan ham ekildi. “Muhimi o‘z holimizga tashlab qo‘yishmadi, imkoniyat-u sharoit yaratib berildi, qolganiga mehnat bilan yetishyapmiz”, deydi onaxon.

63 yoshli Oygul Abdullayeva esa To‘rtko‘lning “Shodlik” mahallasida yashaydi. O‘tgan yili bu ayolning o‘zi ham ishsiz, doimiy daromad manbai yo‘q edi. Uning ham murojaatidan so‘ng, uyida issiqxona qilishi uchun sharoit yaratib berildi, yordam ko‘rsatildi, kredit ajratildi. Ayol dastlab 3 sotixcha yerda issiqxona qurib, gul parvarishlashni boshladi. Gullar turi-yu sonini ko‘paytirdi.

To‘rtko‘llik Shohida Qurbonovaning hayotida ham shunday bo‘ldi. Oilasining og‘ir o‘ylovi, yelkasini 2,5 yildan buyon og‘ir yukdek bosib kelayotgan katta bir muammo aynan Shohida opaning Xalq qabulxonasiga murojaatidan so‘ng tezda hal qilib berildi. Ayolning ikki farzandi ham so‘zlash-eshitish baxtidan mosuvo bo‘lgani uchun 2016 yili nevarasi Yulduzxon tug‘ilganda va ikki yoshga kirmay biyron so‘zlay boshlaganda, uning bir umrlik dardi bir qadar yengillagandek edi. Ammo Yulduzxon 3 yoshida tug‘ma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelganini bilgach, Shohida opa dunyolarga sig‘may ketdi.

Tibbiy tekshiruvlar jajji Yulduzxonning yuragida jarrohlik amaliyoti o‘tkazish kerakligini ko‘rsatdi. Ular 2,5 yil shu jarrohlik amaliyoti uchun mablag‘ jamg‘armoqchi bo‘ldi. Ammo faqat turmush o‘rtog‘ining topgani ro‘zg‘ordan ortmagach, yig‘ina olishmadi. Bu orada Yulduzxon 5 yoshga kirdi, kasallik xuruji yana zo‘raydi. Shunda Shohida opa o‘tgan yil oktyabr oxirlarida najot izlab Prezident Xalq qabulxonasiga bordi. Uning murojaati tuman hokimligi bilan birga ko‘rib chiqildi. O‘sha vaqtda Toshkent shahridan Nukusga tajribali kardiologlar jarrohlik amaliyoti o‘tkazish uchun kelayotgan edi. Barchasi juda tez yuz berdi: tuman hokimligi zarur mablag‘ni topib berdi va imtiyozli jarrohlik amaliyotini o‘taydiganlar qatorida u ham Nukusga chaqirtirildi. Yulduzxon yuragidagi tug‘ma nuqsonlar jarrohlik yo‘li bilan bartaraf etilgach, mana, oradan ikki oy vaqt o‘tdi. Qizaloq endi sog‘lom bolalardek harakat qilmoqda, yana bolalar bog‘chasiga qatnamoqda. Muhimi, bu oilada endi g‘amgin yig‘ilar, og‘ir o‘ylovlar yo‘q.

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasiga asos bo‘layotgan “inson – jamiyat – davlat” tamoyilini amalda qaror toptirish, aholi muammolari bilan eng quyi bo‘g‘inda ishlash, har bir oilaga, har bir inson qalbiga kirib borish yo‘lidagi xalqchil islohotlardan ko‘zlangan maqsad bitta: Inson qadri uchun kurashish! Xalq roziligini, xalq ishonchini esa faqat va faqat amaliy ishlar bilangina qozonish mumkin.

Dovud Abibullayev, O‘zA