Nukusda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tashabbusi bilan tijorat banklari hamda O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ekspertlari bilan birgalikda mahorat darsi tashkil qilindi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida tashkil qilingan seminarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankidan mas’ul xodimlar, tijorat banklari vakillari, O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi xodimlari, oliy ta’lim muassasalari talaba- yoshlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlash joizki, moliyaviy savodxonlik, pullarni boshqarish, ko‘paytirish va barqaror kelajakni qurish bilan birgalikda, bugungi kunda pullarni saqlab qolish va himoya qilish kundan kunga dolzarblashib bormoqda. Shundan kelib chiqib, mazkur mahorat darsida raqamli moliyaviy savodxonlik, moliyaviy firibgarlik turlari va xavfsizlik qoidalari bo‘yicha talaba- yoshlarga interaktiv formatda batafsil ma’lumot berildi.

Raqamli moliyaviy savodxonlik – bu internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng rivojlangan, barcha sohaga raqamlashtirish texnologiyalari kirib borgan sharoitda zamon bilan hamnafas tarzda pullarni to‘g‘ri boshqarish, masofaviy raqamli bank xizmatlaridan samarali foydalanishga, bundan tashqari, moliyaviy firibgarliklardan himoyalanishga yordam beruvchi yetarli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishni bildiradi. Jumladan, spikerlar tomonidan ishtirokchilarga raqamli moliyaviy savodxonlik nima, SMS-firibgarlik, skimming, fishingdan himoyalanish uchun nima qilish kerakligi, elektron hamyon, omonat turlari, onlayn omonatlar, raqamli identifikatsiya va virtual kartalar bo‘yicha prezentatsiya orqali tushuntirib o‘tildi.

– Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali firibgarlikning turlari ko‘payib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz, – deydi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi Botir Davletmuratov. – Bugungi seminarda men o‘zimga kerakli ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Masalan, bank kartalari bilan bog‘liq firibgarlikning eng keng tarqalgan turi – skimming bo‘yicha, fishing, ya’ni bu ham firibgarlikning bir turi bo‘lib, uning maqsadi foydalanuvchining maxfiy ma’lumotlari – login va parolni qo‘lga kiritish orqali, sms-firibgarliklar, ulardan qanday himoya qilinish kerakligi bo‘yicha ko‘pgina ma’lumotlarga ega bo‘ldim.

Seminar davomida talaba- yoshlar orasida interaktiv uyinlar ham tashkil qilindi va eng faol ishtirok etgan talaba- yoshlarga sertifikatlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),

O‘zA muxbirlari