O‘zbekistonda “yashil” xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli loyiha ishga tushirildi

443

Bugun poytaxtimizda o‘tkazilgan seminarda ushbu loyihaning maqsad-vazifalari va uning doirasida amalga oshiriladigan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati – GIZ va  “O‘zto‘qimachiliksanoat”  uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan seminarda biznesni rivojlantirish xizmatlari vakillari, atrof-muhitni boshqarish, muhandislik mutaxassislari va BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO) ekspertlari ishtirok etdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, hozirgi vaqtda barqaror rivojlanishni ta’minlash va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish tobora muhim vazifaga aylanmoqda. Ekologik vaziyatni yaxshilash, kompaniyalarning raqobatbardoshligini oshirish va karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish tabiiy resurslardan barqaror foydalanish va iqtisodiy o‘sishni ajratish va tabiiy resurslardan foydalanishni hisobga olgan holda mamlakatning uzoq muddatli rivojlanishi uchun sharoit yaratishda muhim qadamlardan biridir.

“O‘zto‘qimachiliksanoat”  uyushmasi axborot xizmati rahbari, loyihaning milliy eksperti Shahzoda Qo‘chqorova ushbu loyihaning ahamiyati haqida quyidagilarni gapirib berdi:

– Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati – GIZ to‘qimachilik va qurilish sanoatida “O‘zbekistonda yashil xususiy sektorni rivojlantirish” yangi yirik loyihasini ishga tushirdi. Loyiha iqtisodiy o‘sishni va tabiiy resurslardan foydalanishni ajratib, “yashil” sanoatlashtirishni rivojlantirish va barqaror rivojlanish uchun sharoit yaratishga qaratilgan. Bugun tashkil etilgan seminarda mutaxassislar ushbu loyihaning maqsadlari, ishtirokchilari, muddatlari, yo‘nalishlari va loyihani amalga oshirish strategiyasini taqdim etdi.

Shuningdek, “KNAUF”, “MexMash Namangan”, “Akbarali Textile”, “Thermozon” kabi kompaniya vakillari tomonidan taqdimotlar o‘tkazildi. BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO) mutaxassislari qurilish va to‘qimachilik tarmoqlari nuqtayi nazaridan energiya samaradorligiga  urg‘u berdi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati bir necha yillardan buyon O‘zbekistonda turli sohalarda ko‘plab loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Tashkilotning galdagi ushbu loyihasi ham O‘zbekistonning “yashil” sanoatlashtirishni rivojlantirish, energiya va resurslarni tejaydigan ishlab chiqarish jarayonlarini joriy etish, iqtisodiy rivojlanish va tabiiy resurslardan foydalanishni uzoq muddatli ajratish uchun sharoit yaratish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan e’tiborlidir.

Loyiha to‘rtta o‘zaro bog‘liq faoliyatda tatbiq etiladi. Xususan, tizimni ishga tushirish va resurslarni taqsimlash: ushbu bosqichning maqsadi loyiha tarafdorligiga erishish, tizimlarni ishga tushirish va kelgusi ishlarning tafsilotlarini rejalashtirishdir.

Kompaniyalar uchun individual yordam beriladi. Bunda biz har bir ishtirokchi kompaniyani tanlangan BRX (biznesni rivojlantirish xizmatlari) yetkazib beruvchisi bilan bog‘lashga, individual qo‘llab-quvvatlash va chiqindilarni tejash imkoniyatlarini baholashga intilamiz.

Tahlil va takomillashtirishga e’tibor qaratiladi. Biz resurslardan foydalanish ma’lumotlarini tahlil qilamiz va xom ashyo, energiya, suv va chiqindilarni qayta ishlash kabi sohalarda yaxshilanishni taklif qilamiz.

Kompaniyalar dastlabki baholashdan o‘tkaziladi. Unda kompaniyalar va BRX yetkazib beruvchilarini taqqoslashdan oldin biz kompaniyaning ishlab chiqarish va ekologik jihatlari to‘g‘risida umumiy tasavvurga ega bo‘lish uchun dastlabki baholashni o‘tkazamiz.

Muxtasar aytganda, loyihada taklif etilayotgan yechimlar O‘zbekiston kompaniyalarining raqobatbardoshligini oshirish va CO2 emissiyasini 10 foizga kamaytirishga qaratilgani bilan katta ahamiyat kasb etadi.

 

O‘zA muxbiri  

Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.