Matbuot, ommaviy axborot vositalarini mutolaa qila turib, bugun odamlar nima tashvish bilan yashayotganini sezib, his etib turasiz.

Yurtimizda chiqadigan bugungi gazetalar Vatan himoyachilariga kengroq e’tibor qaratayotgani bilan e’tiborni tortadi.

“Xalq so‘zi” gazetasi sahifalarida bugungi bayram ruhi to‘la aks etgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 13 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi mudofaasini boshqarish milliy markaziga tashrif buyurgani xususidagi sharh, shuningdek, Davlat Rahbarining O‘zbekiston Respublikasi qurolli kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi e’lon qilingan. O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqot, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni, “Baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” hamda “Samarqand davlat universiteti faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ham gazeta sahifalaridan o‘rin olgan.

“Adolat” gazetasining bugungi soni rang-barang va o‘quvchi e’tiborini tortadi. “Vatan himoyasi – oliy sharaf” sahifasi gazetxon e’tiboridan chetda qolmaydi. “Tarix yaratgan ulug‘ shaxslar” ruknida berilgan “Buyuk Temur nega xon unvonini olmagan?”, “Mashhurlarning ayollari” ruknida berilgan “Buyuk inson ortidagi fidoyi ayol” sahifalarini zo‘r hayajon va maroq bilan o‘qiysiz. “Tez yordam”ga yordam ko‘rsatildi”, “Koronavirusning yangi shtammi qanchalik xavfli?”, “Firibgar usta xonadon sohibasini chuv tushirib ketdi” maqolalarida ham bugungi kunimiz manzaralarini ko‘rgandek bo‘lasiz.

“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining ma’naviy-ma’rifiy hayotimizda alohida o‘rni bor. Gazetaning bugungi soni deyarli Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan. Taniqli shoir G‘ayrat Majidning “Shu yurt uchun mustahkam qo‘rg‘on bo‘lasan” she’riy turkumi Vatan, inson, uning ichki dunyosi, qadrini ulug‘lashga bag‘ishlanadi. Adabiyotshunos Zuhriddin Isomiddinovning “Davr va tarjima”, akademik Naim Karimovning “Leningradlik navoiyshunoslar” maqolalarini maroq bilan o‘qiysiz. Gazeta sahifalaridan o‘rin olgan boshqa ma’rifiy maqolalar ham ko‘ngilga yaqin, mutolaa qilsangiz, afsuslanmaysiz.

bugungi gazetalarni o‘qing, yangi kun havosidan nafas oling…

A.Narzulloyev, O‘zA