O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Anjuman “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati undagi muhandis-usta va o‘qituvchi-mutaxassislari malakasini oshirish, xorijlik hamkorlikni jalb etgan holda ularga bilim va ko‘nikmalarni o‘rgatish yo‘nalishidagi ishlar tahliliga bag‘ishlandi.

Anjumanda “Ishga marhamat” faoliyati, bugungi kungacha bo‘lgan davrda erishilgan natijalar, shuningdek, monomarkazi huzuridagi “O‘quv-maslahat ofisi” (O‘MO)ning maqsad va vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari haqida so‘z yuritildi.

Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi direktorining birinchi o‘rinbosari Ma’ruf Sadiqov monomarkazlar faoliyati haqida so‘z yuritib, ular o‘z oldilariga ishsiz aholini kasbga tayyorlash sifatini oshirish maqsadida qishloq xo‘jaligi, yengil va oziq-ovqat sanoati, axborot kommunikatsiya texnologiyalari, qurilish, jihozlariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash, bolalar, qariyalar, bemorlarga g‘amxo‘rlik qilish va boshqa sohalarda malakali xorijiy o‘qituvchilarni, shu jumladan xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni jalb etishni maqsad qilganliklarini ta’kidladi.

bugungi kunda yurtimizda faoliyat olib borayotgan monomarkazlarga turkiyalik mutaxassislar ham taklif qilingan. Chunki bu yo‘nalish Turkiyada ancha yillardan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Jalb qilingan chet ellik o‘qituvchilarni malakali mutaxassislar yetishmaydigan kasb-hunar ta’limi markazlariga yuboriladi va ular ishtirokida “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari va qisqa muddatli kurslar o‘qituvchilari uchun “mahorat darslari”ni o‘tkazish vazifalarini bajaradi.

Anjuman davomida mutasaddilar nafaqat ishsiz fuqarolarni monomarkazlarga ealb qilish, hunarga o‘qitish, balki ularga mos ish topishga ko‘maklashishni maqsad qilganliklarini ta’kidladilar. Kelajakda yana boshqa chet el mamlakatlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, monomarkaz bitiruvchilarini ham o‘z kasblariga mos ish bilan ta’minlash, chet elga yuborish ham reja qilingan. Anjuman yakunida mutaxassislar OAV vakillarining savollariga javob berdilar.

 

Fayzullo Yahyoyev, O‘zA