Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, erkaklar koronavirus bilan ayollarga nisbatan ko‘proq kasallanishadi. O‘lim darajasi ko‘rsatkichlarida ham tafovut bor.

Masalan, AQSHda koronavirusdan vafot etgan erkaklar soni ayollarga qaraganda ikki barobar ko‘p. Yevropada koronavirusdan vafot etganlarning 69 foizi erkaklardir. Xuddi shunday vaziyatni Xitoyda ham, dunyoning boshqa mamlakatlarida ham kuzatish mumkin.

Olimlar buning sabablarini turli omillar, masalan, erkak va ayollar turmush tarzidagi tafovutlar, ayol organizmining infeksiyaga munosabati bilan izohlashga harakat qilishadi. Shu nuqtai nazardan ham COVID-19 infeksiyasining erkaklar reproduktiv salomatligiga ta’sirini o‘rganish va bu xususda aniq ilmiy asoslarga ega bo‘lish bugungi kunning dolzarb vazifasidir.

Toshkent tibbiyot akademiyasi «Doktor reportyor» klubi a’zosi, 5-bosqich talabasi Shahzod Shamsiyev ayni mavzu yuzasidan izlanishlar olib bordi. Koronavirusning erkaklar reproduktiv salomatligiga ta’siri masalasi dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolayotgani va aholi orasida turli xil fikrlar borligi bois, suhbatimiz davomida ko‘pchilikni qiziqtirgan masalalarga oydinlik kiritishga harakat qildik.

– Turli mamlakatlarda ilgari o‘tkazilgan tadqiqotlar 25 turdagi virusning erkak urug‘ini zararlashi mumkinligini isbotlagan. COVID-19ni ham shu turdagi viruslar qatoriga kiritish kerakmi-yo‘qmi? – Dunyoning turli ilmiy markazlarida tadqiqotlar olib borilyapti. Ushbu tadqiqotlarning aksariyati koronavirus haqiqatdan ham erkaklar reproduktiv salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini isbotlayapti. Yana ko‘pgina masalalar borki, ularga hozircha to‘la oydinlik kiritilmagan, ilmiy xulosalarga kelinmagan.

Bir-biridan mustaqil tarzda o‘tkazilgan tadqiqotlarda koronavirusning sperma sifati, spermatozoidlarning harakatchanligi, ularning miqdoriy ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, testosteron shakllanishini susaytirishi aniqlangan.

Ma’lumki, testosteron spermatogenez va sertoli hujayralarining yetilishida muhim o‘rin tutadi. Uning erkaklar reproduktiv salomatligidagi roli beqiyos. COVID kasalligining og‘ir shakli bilan xastalangan bemorlarning qon zardobida testosteron darajasining keskin tushib ketgani qayd qilingan.

Bularning barchasi koronavirus infeksiyasining erkaklar reproduktiv salomatligi asoratlarini jiddiy o‘rganish lozimligini isbotlamoqda. Bu borada olib boriladigan ilmiy izlanishlar mazkur toifaga mansub bemorlarni davolash va qayta tiklash borasidagi rejalarni aniqlashtirishga ko‘maklashadi.

Tibbiyot fanlari doktori, Rossiya reproduktiv salomatlik markazining yordamchi reproduktiv texnologiyalar bo‘limi rahbari Natalya Kalinina koronavirus erkaklarning jinsiy gormonlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan hujayralariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, hatto, spermatozoidlar shakllanishini to‘xtatib qo‘yishi mumkinligini ta’kidlaydi.

Olimlarning fikricha, koronavirusning immunitetga ko‘rsatadigan ta’siri natijasida immunologik bepushtlik rivojlanishi mumkin. SOVID-19 immunitet tizimi faoliyatini buzadi, natijada organizm spermaga qarshi antitanalar ishlab chiqarishni boshlaydi. Bu antitanalar erkaklik urug‘ini yot hujayralar sifatida qabul qiladi va ularga qarshi kurashishga kirishadi. Oqibatda, spermatozoidlar harakatchanligi va urug‘lantirish qobiliyatini yo‘qotadi.

– COVID-19 erkaklar reproduktiv salomatligiga ta’sir ko‘rsatar ekan, bu bepushtlikka olib kelishi mumkinmi?

– Koronavirus erkakka faqat ruhiy tomondangina ta’sir qilishi mumkin. 2021 yilning iyun oyida Texas universiteti olimlari koronavirusning faqat erkaklarda uchraydigan alomatini aniqlashdi. Tadqiqot mualliflarining aytishicha, koronavirusdan xastalangan erkaklarning chov sohasidagi tushunarsiz og‘riqdan shikoyat qilishi ko‘paygan. Tahlillarda bu erkaklarning, shuningdek, testosteron darajasi ham pasaygani aniqlangan.

Bu alomatlarni o‘rganish uchun amerikalik olimlar sichqonlarda tajriba o‘tkazishdi va COVID-19 reproduktiv salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligiga amin bo‘ldi. Quvonarlisi, tadqiqotchilar COVID-19 bilan og‘rigan erkaklarning reproduktiv salomatligi xastalikdan oldingi davr ko‘rsatkichlarigacha qaytadan tiklanishi ehtimoli yuqoriligini aytishmoqda.

Moskva davlat tibbiyot-stomatologiya universitetining urologiya kafedrasi rahbari A.Yevdokimovaning fikricha, koronavirusning bepushtlikka olib kelishi mumkinligi to‘g‘risida aniq dalillar yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, bu kasallik bilan og‘rigan erkaklarning farzand ko‘rishni to‘la sog‘ayganidan keyin uch oy o‘tgach, rejalashtirgani ma’qul.

Ilmiy adabiyotlarda koronavirusning erkaklar bepushtligiga olib kelgan biror holat qayd qilinmagan. Demak, yanada qat’iy ilmiy xulosalarga kelish uchun COVID-19ning erkaklar reproduktiv tizimiga ta’sirini aniqlashga yordam beradigan keng ko‘lamli tadqiqotlar o‘tkazish talab qilinadi.

 

Mohigul Qosimova suhbatlashdi, O‘zA