Mamlakatimiz aholisining yarmini tashkil etadigan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash doimiy e’tiborda. Jumladan, «Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi Prezident farmoni loyihasida ham bir qator vazifalar belgilab berilgan.

Xususan, ayollar orasidagi ishsizlik darajasini 2 barobar kamaytirish, birgina 2022 yilda 80 mingdan ziyod ishsiz xotin-qizlarni davlat hisobidan kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha ham aniq mexanizmlarni amalga oshirish belgilangan. Shuningdek, ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlarni tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish ham belgilangan bo‘lib, har bir hududda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish va Hukumat darajasida tasdiqlash nazarda tutilmoqda. Unga ko‘ra, hududlarda «Xotin-qizlar hunarmandchilik markazlari» va klasterlari tashkil qilinadi.

Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi majlisida Strategiya loyihasining ayni jihatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, Taraqqiyot strategiyasi loyihasida ayollarga pensiya hisoblashda ularning bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lish vaqtining hammasini jamlaganda, ish stajiga qo‘shib hisoblanadigan 3 yillik davrni 6 yilga oshirish, yordamga muhtoj ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘yicha «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida alohida ma’lumotlar bazasini yaratish, jumladan, «Temir daftar», «Yoshlar daftari» va «Ayollar daftari»ni «Ijtimoiy himoya yagona reyestr»i bilan integratsiya qilish kabi muhim vazifalar ham o‘z aksini topgan.

Farmon loyihasida xotin-qizlarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish, onalar kasalligi va perinatal kasalliklar profilaktikasi va ularning oldini olish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish, bu borada 46 ta tumanlararo perinatal markazlarni tashkil etish, ularni kadrlar, zarur tibbiy texnika va buyumlar bilan ta’minlash nazarda tutilgan.

Qo‘mita majlisida farmon loyihasi hududlar manfaatlarini to‘la ravishda qamrab olganligi, xotin-qizlar uchun berilayotgan imkoniyatlar ayollar turmush tarzini yanada farovonlashtirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

Muhtarama Komilova, O‘zA