Avval xabar qilinganidek, bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini QQSdan ozod qilishni 2022 yil 30 aprelga qadar uzaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Ushbu hujjat muhokamalarida so‘z olgan deputat Doniyor G‘aniyev hukumat a’zolariga bir qator savollarni ko‘ndalang qo‘ydi.

Jumladan:

“Hukumat tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, bir oyda mamlakatimizga 11 ming tonna go‘sht mahsulotlari kirib kelgan. Ammo Statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida 2021 yilning oktyabr-noyabr oylarida 6,5 ming tonna go‘sht mahsulotlari import qilingan. Biz qaysi ma’lumotga ishonaylik!? Yoki go‘sht importini oladigan bo‘lsak, asosiy importyorlarimiz  Belarus, Qozog‘iston va Ukraina davlatlari hisoblanadi. Ayni paytda esa Qozog‘istondagi vaziyatni ko‘rib turibmiz. Bu vaziyat ertaga kirib keladigan go‘sht mahsulotlarining narxiga qanday ta’sir qiladi, bu prognoz qilinganmi, qanday choralar ko‘riladi?”

Shuningdek, deputat ko‘rilgan qonun loyihasi hujjatlaridagi bir qator kamchiliklarni aytib, hukumat vakillaridan qonun loyihalarini quyi palataga kiritishda reglamentga amal qilishni, mas’uliyatli yondashishni so‘radi.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA