Qonun loyihasi bilan bolani parvarishlash davrini (6 yil) ish stajiga qo‘shib hisoblash ko‘zda tutilmoqda. Bu ijtimoiy himoyani kuchaytirishga xizmat qiladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga hamda O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasiga ko‘ra, nogironligi bolalikdan bo‘lgan bolalarga 18 yoshgacha qaragan davrini ish stajiga qo‘shib hisoblash, bolani parvarishlash vaqtining hammasini jamlanganda ko‘pi bilan 6 yillik davrni ish stajiga qo‘shib hisoblash belgilanmoqda.

Shuningdek, qonun loyihasida respublika hududida karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi mavjud bo‘lgan, amal qilib turgan davrda pensiya olish huquqi vujudga kelgan fuqarolar, ushbu tadbirlar (cheklovlar) davrida yoki tugagandan so‘ng bir oy ichida pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etgan taqdirda, ularga pensiya uni olish huquqi paydo bo‘lgan sanadan tayinlash taklif etilmoqda.

Majlisda qonun loyihasining qabul qilinishi ijtimoiy himoyani kuchaytirish, yetim bolalarning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi aytilib, ushbu hujjat ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA