Avtomototransport vositalari elektron savdo platformasi orqali ijaraga berilganda, shartnomani notarial tartibda tasdiqlash talabi bekor qilinyapti. Bu kabi shartnomalar oddiy yozma shaklda tuzilishi belgilanmoqda.

Bu tartib Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 565-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida o‘z aksini topgan.

Ikkinchi o‘qishda muhokama qilingan mazkur hujjat bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi Muhammad Valiyev ma’lumot berar ekan, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida tegishli mutasaddilar bilan muhokama qilingani va takliflar berilganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi avtomototransport vositalarini ijaraga berish bilan bog‘liq munosabatlarni yengillashtiradi, ijara bozorini rivojlantiradi.

Deputatlarning moddama-modda ovoz berishidan so‘ng qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA