Sog‘liqni saqlash vazirining 2 o‘rinbosari ham bu amalda isbotlanganini jurnalistlarga ma’lum qildi

Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari o‘zbek-xitoy vaksinasining kuchaytirilgan, ya’ni buster dozasi “omikron”dan  to‘liq – yuz foiz himoya qilishini aytib chiqqan edi. Bu amaliy natijalarga tayanib aytilgan xulosami yoki o‘zi umuman mutasaddilarning bu bayonotini qanday tushunish kerak?

O‘zA muxbiri yurtimizdagi koronavirus bilan bog‘liq mavjud epidemiologik holat yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ushbu savol bilan mutasaddilarga yuzlandi.

— O‘zbek-xitoy vaksinasining birinchi dozasini qabul qilgan insonlarda  juda yaxshi immunitet hosil bo‘lgani kuzatildi, – deydi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari – Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Alimov.  – Keyingi va buster dozani olganlarda koronavirusga qarshi immunitet undan-da yaxshi shakllangani ko‘rindi. “Omikron” oldingi shtammlardan  bitta “s” oqsilidagi mutatsiyasi bilan farqlanadi. Qolgan 99,9 foiz antigen aktivligi avvalgi shtammlar bilan bir xil darajada. Demak, bu – “Delta” va “Uxan” variantiga bizning o‘zbek-xitoy vaksinamiz juda katta samara berganini hamda  vaksina kuchi bu shtammga nisbatan 99,9 foiz saqlanishini inobatga olib aytilgan fikr.

— Biz kovid bilan kurashishda xalqaro tajriba, xalqaro hamkorlikka tayanayapmiz, xalqaro ilmiy izlanishlarni to‘liq amalga oshiryapmiz, – deydi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova. – Xitoyning bu boradagi yutuqlarini bugungi kundagi raqamlar ko‘rsatib beryapti. 171 mamlakat ichida Xitoy kasallanish ko‘rsatkichi eng kam davlat hisoblanadi.  Bu esa Xitoyning bu boradagi izlanishlarida aniqlik borligi, haqqoniy natijalar berayotganini bildiradi. Haqiqatdan ham qo‘shma vaksinamizning “omikron”ga to‘liq ta’sir qilishi isbotlandi.

 

Mohigul Qosimova, O‘zA