Mamlakatimizda internet foydalanuvchilari soni 27 milliondan oshgan. Shundan 25 milliondan ziyodi mobil internet foydalanuvchilaridir.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tgan brifingda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati rahbari Sherzod Ahmatov ma’lum qildi.

Raqamli iqtisodiyot rivojlanishi uchun eng muhim omillardan biri telekommunikatsiya infratuzilmasini barpo etishdir. Shu maqsadda 2021 yilda telekommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida 50 ming kilometr optik-tolali aloqa liniyalari qurilib, ularning umumiy uzunligi 118 ming kilometrga yetkazildi. Buning natijasida aholi maskanlarining 67 foiziga mazkur tarmoq kirib bordi. Optik tarmoqni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar kelgusi yillarda ham mana shunday jadal sur’atlarda davom ettirilishi belgilangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 2021 yil davomida aholiga yuqori tezlikdagi internet xizmatlarini ko‘rsatish qurilmalarining umumiy sig‘imi 3,6 millionga yetkazilgan. Ma’lumotlar uzatish tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyat va tuman markazlari darajasida 1,5 barobarga oshdi. bugungi kunda xalqaro internet tarmog‘iga ulanishning umumiy o‘tkazuvchanlik imkoniyati 1 800 Gigabit/sekundni tashkil etib, 2022 yil yakuniga qadar ushbu ko‘rsatkich 3200 Gigabit/sekundgacha kengaytirilishi rejalashtirilgan hamda operator va provayderlarga internet xizmatlari uchun tarif o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 42,9 foizga arzonlashtirilib, 1 Mbit/s uchun 30 ming so‘mni tashkil etmoqda.

bugungi kunga kelib 95 foiz aholi maskanlari mobil internet bilan qamrab olinganligi natijasida 54 foiz uy xo‘jaliklariga yuqori tezlikdagi internetga ulanish imkoni yaratilgan. Mobil aloqa xizmatlarini rivojlantirish maqsadida mobil internet tezligi 1,5 barobar oshirildi va 2021 yilda 14 ming 150 ta qo‘shimcha tayanch stansiyalari o‘rnatilib, ularning umumiy soni 45 ming 890 taga yetkazildi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, bugungi kunda internet xizmatidan foydalanuvchilar soni 27,2 milliondan oshgan. Shundan mobil internet foydalanuvchilari soni 25,3 million kishini tashkil etmoqda. Kelgusida Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida yirik ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazlari qurilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, respublikada telekommunikatsiya operatorlarining raqamli infratuzilmani rivojlatirish bo‘yicha ishlarni qo‘llab-quvvatlash, soliq yukini imkon qadar maqbullashtirish va imtiyozlar berish ishlari amalga oshiriladi. Olib kiriladigan telekommunikatsiya uskunalari va qurilmalarini, noutbuklarni bojxona to‘lovlaridan ozod etish, jalb qilinadigan chet el kreditlari bo‘yicha davlat kafolatini berish choralari ko‘riladi.

bugungi kunda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishning quyidagi asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilab qo‘yilgan bo‘lib, jumladan, xalqaro ma’lumotlar uzatish kanalining o‘tkazuvchanlik qobiliyati 3,5 marotaba oshiriladi. 150 ming km optik tolali aloqa liniyalari qurilish hisobiga ma’lumotlar uzatish tarmog‘i kengaytirilib, xalqaro va davlat ahamiyatiga molik avtomobil yo‘llarini mobil aloqa tarmoqlari bilan to‘liq qamrab olishi ta’minlanadi. Optik tolali aloqa liniyalari barcha aholi punktlariga yetkazilib, uy xo‘jaliklarining kamida 80 foizi internetga keng polosali simli ulanish imkoniyati bilan ta’minlanadi.

Telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari 2022 yil 1 yanvardan boshlab Internet jahon axborot tarmog‘iga keng polosali ulanish tarmoqlarini loyihalash va qurishda ma’muriy binolar va ko‘p kvartirali uylar kamida 1 Gigabit/sekund o‘tkazuvchanlik qobiliyati va ta’lim tashkilotlari, sog‘liqni saqlash muassasalari va boshqa davlat tashkilotlari kamida 100 Megabit/s o‘tkazuvchanlik qobiliyati bilan ta’minlanadi.

 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA