Nukus tumanidagi harbiy qismlarning birida yangidan qurilgan ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda qism shtabi binolari foydalanishga topshirildi. Bu harbiy xizmatchilarga bayram tuhfasi bo‘ldi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi – hududiy harbiy-ma’muriy sektori rahbari Murat Kamalov hamda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, Qurolli Kuchlarimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarning zamirida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ijtimoiy himoyasini ta’minlash, xizmatni o‘tash va yashash uchun qulay sharoit yaratish, qo‘shinlarning jangovar shayligini yuksaltirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar turibdi.

Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida mamlakatimiz bo‘ylab foydalanishga topshirilayotgan ijtimoiy va jangovar tayyorgarlik ob’ektlari bunga yaqqol misol. Tadbirda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari, Qurolli Kuchlar faxriylari, nuroniylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda quruvchilar ishtirok etdi.

Ta’kidlash joizki, bundan oldin eng olis garnizonda joylashgan mazkur harbiy shaharchada istiqomat qilayotgan harbiy xizmatchilar o‘z farzandlarini fan va sport to‘garaklariga berishda muammolarga duch kelar edi. Harbiy shaharcha tuman va shahar markazidan olisroqda joylashgani ham qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirardi. Kattaroq tadbir o‘tkazish uchun ham alohida zal bo‘lmagan. Garnizondagi 2-sonli harbiy shaharcha hududida 2021 yilning mart oyida qurilishi boshlangan mazkur ob’ekt ilgari tashlandiq bo‘lib turgan 1100 kvadrat metr maydonda bunyod etilib, bir qavat va uch majmuani o‘z ichiga oladi.

Birinchi majmuada tantanalar zali hamda mehmonlarni kutib olish xonalari. Ikkinchi majmuada Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusni hayotga tatbiq etish maqsadida harbiy xizmatchilarning farzandlariga xizmat ko‘rsatuvchi matematika, mental arifmetika, ona tili, ingliz tili, rus tili va kompyuter savodxonligidan to‘rtta to‘garak va bitta kutubxona uchun xonalar mavjud. Uchinchi majmua sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga xizmat qilib, unda yopiq sport maydonchasi, fitnes hamda og‘ir atletika bilan shug‘ullanish uchun zallar barpo etildi. Binoda sanitar tizim, kiyim almashtirish va yuvinish uchun joylar ham bor.

Shuningdek, bino ichkarisida manzarali gul va daraxtlardan iborat “qishki bog‘” yaratilgan. Tadbir davomida harbiy qismning kapital ta’mirdan chiqqan 5 ta jangovar tayyorgarlikdan mashg‘ulot hamda 15 ta xizmat xonasidan iborat bo‘lgan ikki qavatli shtab binosi ham foydalanishga topshirildi. Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari madaniy hordiq olishini tashkil etish, yoshlarning ma’nan va jismonan barkamol bo‘lib voyaga yetishini ta’minlashga xizmat qiladigan ushbu markaz qurilishi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hisobidan ajratilgan pul mablag‘i evaziga bunyod etildi.

Dovud Abibullayev,  
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA