Bu haqda Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda. Keltirilgan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga xorijga chiqish uchun biometrik pasport berish uchun to‘lov miqdori avval Bazaviy hisoblash miqdorining 1,2 baravari bo‘lsa, endilikda BHMning 1 baravari etib belgilandi.

Tadbirkorlik sub’ektlariga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida yangi namunadagi guvohnoma berish avval Bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari bo‘lsa, endilikda BHMning 20foizi miqdorida etib belgilandi.

Shuningdek, xususiy bandlik agentliklari reyestriga kiritish uchun to‘lov avval BHMning 1 baravari bo‘lsa, endilikda bepul etib belgilandi.

Bundan tashqari, advokatlik byurolarini, advokatlik firmalarini va advokatlar hay’atlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun to‘lov avval BHMning 2 baravari miqdorida bo‘lgan bo‘lsa, endilikda BHMning 1 baravari etib belgilandi.

Bu kabi yengilliklarni yaratishdan asosiy maqsad ham aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarni jadallashtirish, davlat xizmatlari sifatli ko‘rsatilishini ta’minlashdir.

 

Fayzullo Yahyoyev, O‘zA