Mudofaa vazirligi qo‘shinlarini harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan butlash, ularni ta’mirlash va modernizatsiya qilish bo‘yicha tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, yangidan xarid qilingan 11 dona “KAMAZ-4326” rusumli yuk avtomobili Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan biriga topshirildi.

Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil topganining 30 yilligi arafasida harbiy qismga yangi harbiy texnikalarning taqdim etilishi bayramga xos tuhfa bo‘ldi.

Tadbirda so‘z olgan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhod Shermatov so‘nggi besh yillik davr armiyamiz uchun tom ma’noda yuksalish, yangilanish davri bo‘lganini, saflarimiz rejali tarzda zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan butlanib kelayotganini e’tirof etdi. Bu kabi texnikalar dala-dashtlarda, cho‘l va o‘tuvchanligi og‘ir hududlarda qulayligi, mamlakatimiz iqlim sharoitida foydalanishga yaroqliligi, yurish zaxirasi yuqoriligi hamda yonilg‘i sarfi bo‘yicha tejamkorligi bilan harbiy qo‘shinlar uchun har tomonlama mos kelishini ta’kidladi.

Mazkur texnikalar Samarqanddagi “KAMAZ” rusumli avtoulovlarni yig‘ishga mo‘ljallangan “UzAuto Trailer” MCHJning ishlab chiqarish liniyasida yig‘ilgan.

Ta’kidlash joiz, harbiy va jangovar texnika hamda qurol-aslahalarni joriy ta’mirlash, ularga texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini samarali olib borish maqsadida harbiy qismning texnikalarni saqlash parki qoshidagi Texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash tarmog‘i yaqinda qayta rekonstruksiya qilindi.

Zamonaviy dastgoh va agregatlar bilan jihozlangan ushbu ob’ektda moylash ishlarini amalga oshirish, filtrlar va havo kassetalarini yuvish va moylash, stabilizatorlar, tungi moslamalar, elektr jihozlari va nazorat-o‘lchov asboblarini tekshirish postlari yaratildi. Shuningdek, montaj-demontaj, agregatlarni joriy ta’mirlash, chilangarlik, elektrogaz payvandlash, temirchilik, elektr jihozlariga xizmat ko‘rsatish, yonilg‘i apparatlari va tentlarni ta’mirlash hamda bo‘yoqlash kabi o‘nlab ish joylari yaratildi.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA