Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan mintaqaviy forumda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo yetakchi ayollari Muloqotiga raisligi yakunlari sarhisob qilindi.

Markaziy Osiyo yetakchi ayollari Muloqotiga raislik qilgan O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboyeva joriy yil davomida Muloqot mamlakatlarimiz va xalqlarimizni bir-biriga yaqinlashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilganini qayd etdi.

Ushbu tuzilma Markaziy Osiyoda gender tengligi va barqaror taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy yondashuvlarni ishlab chiqishda o‘ziga xos katalizator bo‘lib xizmat qilishi mumkinligini ko‘rsatdi.

O‘zbekiston raisligi davrida o‘zaro hamkorlikning ushbu formatini imkon qadar foydali qilish muhim edi. Ushbu havola (https://cawlc.net/f/ru_broshyura.pdf) orqali yetakchi ayollar Muloqotida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.

– Xotin-qizlar yetakchiligi va tadbirkorlik masalalari e’tibor markazida bo‘ldi, – deydi T.Norboyeva. – O‘tkazilgan tadbirlar Muloqotning nafaqat dolzarb masalalarni muhokama qilish maydoni, balki mamlakatlarimiz turli davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, biznes tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun amaliy maydonga aylandi.

Bundan tashqari, xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish uchun shart-sharoitlar yaratish muhim yo‘nalishga aylandi.  Muloqot ayollar tadbirkorligini rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni aniqlash maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi amaldagi normativ-huquqiy bazani tahlil qilish tashabbusi bilan chiqdi.

O‘zbekistonda ham bu borada muhim ishlar amalga oshirildi. Yaqin kunlarda xotin-qizlar biznesini rivojlantirish, ayollarning ishbilarmonlik faolligini oshirish uchun shart-sharoitlarni yanada yaxshilash bo‘yicha vakolatli davlat organlariga takliflar kiritiladi.

Muloqotda raislik muddati bir yil bo‘lgani sababli forumda 2022 yilda raislikni boshqa davlatga o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Kelasi yil Markaziy Osiyo yetakchi ayollar Muloqotiga Turkmaniston raislik qiladi.

– Fursatdan foydalanib, Muloqotning barcha a’zolariga va BMTning Taraqqiyot Dasturi, BMT Ayollar tashkiloti va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo‘yicha Mintaqaviy Markaziga Muloqotning 2021 yilga mo‘ljallangan harakatlar rejasi va tashabbuslarini amalga oshirishda ko‘rsatgan yordamlari uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman, – deb alohida qayd etdi Tanzila Norboyeva.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda gender tenglik va barqaror rivojlanish sohasida mintaqaviy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sa’y-harakatlarini bundan buyon ham davom ettiradi.

 

N.Abduraimova, O‘zA