16 dekabr kuni Seul shahrida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Dasturiy ta’minot va IT texnologiyalar parki o‘rtasida ikkita yangi loyiha bitimi imzolandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan ushbu tadbirda KOICA vitse-prezidenti Im Jong Xi, O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov hamda IT Park bosh direktori Farhod Ibragimov ishtirok etdi.

KOICA va Maktabgacha ta’lim vazirligi o‘rtasida imzolangan dastlabki “O‘zbekistonda kadrlarni tayyorlash, o‘qitish va rivojlantirish kompleks markazini qurish orqali maktabgacha ta’lim pedagog kadrlari salohiyatini oshirish” loyihasi 2021-2026 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, mazkur dastur uchun beg‘araz 11 million dollar mablag‘ jalb qilinadi.

Ushbu hamkorlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad maktabgacha ta’lim sifatidagi tafovutni bilim markazi kompleksini tashkil etish orqali qisqartirish, namunaviy bog‘chalar orqali sifatli maktabgacha ta’lim xizmati ko‘rsatishdir.

Loyihada, jumladan, zarur uskunalar bilan jihozlangan bilim markazi qurish, maktabgacha ta’lim pedagog kadrlari uchun malaka oshirish dasturlarini amalga oshirish, tarbiyachilar uchun o‘quv dasturi bo‘yicha qo‘llanmalar ishlab chiqish, zarur jihozlar bilan ta’minlangan namunali maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish singari muhim yo‘nalishlar aks etgan.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi IT Park bilan birga “O‘zbekistonda IT Parkning barqaror rivojlanishi asoslarini shakllantirish va salohiyatini oshirish” loyihasini ham amalga oshiradi. To‘rt yillik dasturga asoslanadigan mazkur loyiha uchun 4,5 million dollar ajratiladigan bo‘ldi.

Bu jarayon mamlakatimizda IT-sanoati taraqqiyoti uchun poydevor qo‘yish, sohada faoliyat ko‘rsatayotgan kompaniyalar raqobatbardoshligini oshirish, boshqaruv strategiyasini yaratish orqali institutsional imkoniyatni mustahkamlashga yordam beradi.

Hujjatlarni imzolash marosimidan so‘ng tomonlar kelgusi rejalar xususida muzokara olib bordi. Shuningdek, maktabgacha ta’lim va axborot texnologiyalari sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olindi.

 

Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA