Prezidentimiz raisligida ipotekani kengaytirish va qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishda yangi tizimda hali o‘z yechimini topmagan ko‘plab masalalar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, ipoteka bozorida qurilayotgan uy-joylar soni talabga nisbatan ancha kam. Xususan, Xonqa tumanida 5 mingta yangi uy-joyga talab bo‘lsada, kelgusi yilda atigi 464 ta (talabning 9 foizi) uylar qurish reja qilingan.

Bundan tashqari, bugungi kunda joylashgan joyi yoki narxi aholiga nomaqbul bo‘lgani uchun qiymati 255 milliard so‘mlik 950 ta qurilgan xonadon sotilmasdan turibdi. Surxondaryoda – 292 ta, Sirdaryoda – 189 ta, Qoraqalpog‘istonda – 174 ta, Farg‘onada – 167 ta.

Ipoteka uchun byudjetdan ajratilgan 1,1 trillion so‘m subsidiyalardan 220 milliard so‘m (20 foiz) ishlatilgan, xolos.

Respublika bo‘yicha 36 mingdan ziyod ijobiy xulosasi bor oilalarga 900 milliard so‘mdan ziyod subsidiyalar to‘lanmay turibdi. Buning sababi aholi tomonidan talab yuqori bo‘lgan o‘rta me’yordagi uylar bo‘yicha quruvchilar bozorga yetarli taklif chiqarmayapti.

–Misol uchun, Samarqand viloyatida hokimiyat tashabbus qilib, loyihachi, quruvchi va bankning “boshini birlashtirib”, hamyonbop uylarni qurishni tashkil etgan. Bu orqali subsidiyadan foydalanish va kreditlarni o‘zlashtirishning eng yuqori ko‘rsatkichi Samarqand (kredit – 85 foiz, subsidiya – 60 foiz) viloyatiga tegishli, – dedi davlatimiz rahbari.

Uy-joylar quriladigan massivlar ro‘yxati aprel oyida tasdiqlangan bo‘lsada, yer uchastkalari o‘z vaqtida auksionga chiqarilmagani bois, Toshkent viloyatida – 2,7 ming, Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo va Xorazmda – 1,5 ming xonadonli uy-joylar qurilishi boshlanmagan. Oqibatda davlatdan maqsadli kreditlar uchun ajratilgan 4,5 trillion so‘m mablag‘ (50 foiz) o‘zlashtirilmasdan turibdi.

Misol uchun, Toshkent shahrida – 793 milliard so‘m (64 foiz), Qashqadaryoda – 204 milliard so‘m (66 foiz), Toshkent viloyatida – 120 milliard so‘m (82 foiz), Qoraqalpog‘istonda – 119 milliard so‘m (60 foiz)mablag‘ o‘zlashtirilmagan.

Yig‘ilishda viloyat hokimlari va ularning qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlari uy-joy qurilishi uchun pudratchi tanlashda 2-3 ta tashkilot bilan cheklanayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

– Misol uchun, Navoiyda deyarli barcha qurilishlar 3 ta korxona tomonidan amalga oshirilmoqda (“Minor Millenium”, “Sharq jilov me’morlari”, “Sharq qurilish”). Sohaga mutasaddilar har bir masalaning ichiga o‘zi kirib, qurilish sohasida mavjud muammolar yechimini topish bo‘yicha tinmasdan ishlashi, har haftada qurilish ob’ektlaridagi holat bo‘yicha selektor o‘tkazishi shart va zarur,– dedi Prezident.

 

O‘zA