“Beatles” guruhi asoschisi, britaniyalik mashhur musiqachi Jon Lennonning 12 torli gitarasi 2,8 million dollarga sotildi. Shu tariqa ushbu musiqa asbobi savdoga qo‘yilgan eng qimmat gitaraga aylandi. Bu haqda “Julien’s Auctions” kim oshdi savdo uyi ma’lum qildi.

Avvalroq “Rolling Stone” jurnali gitara 50 yildan so‘ng uy tomida topilganini yozgan edi.

***

Fransiyada dorixonalar ish tashlagan. Farmatsevtlar yalpi norozilik bildirishi oqibatida mamlakatdagi dorixonalarning 90 foizi, aniqrog‘i 20 500 tadan 18 mingtasi bugun ishlamagan. Ushbu xabarni “Franceinfo” radiosi tarqatdi.

***

“Dawn” gazetasi yozishicha, Pokiston Milliy qo‘mondonlik maslahatchisi iste’fodagi general-leytenant Xoid Ahmad Qidvoy “mamlakat yadro qurolini birinchi bo‘lib qo‘llash konsepsiyasiga amal qilmaydi, degan.

– Pokistonda yadro qurolini birinchi bo‘lib qo‘llashni taqiqlash siyosati yo‘q, – dedi sobiq harbiy Islomoboddagi xalqaro strategik tadqiqotlar markazida bo‘lib o‘tgan seminarda so‘zga chiqib. – Mamlakatning yadroviy salohiyatdan foydalanishga tezkor tayyorligi har bir rahbarga erkinlik, qadr-qimmat va jasorat berishi zarur. Bunga ҳеч kimda – do‘stda ham, dushmanda ham hech qachon shubha tug‘ilmasligi kerak.

Gazeta Milliy qo‘mondonlik maslahatchisi ushbu bayonotini Hindistonda Pokistonning yadroviy dasturi bo‘yicha kechgan ichki bahsga javob tariqasida berganini ta’kidlagan.

Ma’lumotga ko‘ra, hozir Pokiston va Hindiston 170 tadan yadro kallagiga ega.

***

Yaponiya parlamentida noma’lum uchar jismlar va mavhum havo hodisalari masalalari bo‘yicha partiyalararo komissiya tashkil etiladi, deb yozdi “Kiodo” agentligi.

Ta’kidlanishicha, xavfsizlik nuqtai nazaridan anomal holatlarni tekshirish uchun deputatlar federatsiyasi tarkibi 6 iyunda rasman tasdiqlanadi.

Deputatlar fikricha, bunday hodisalar boshqa mamlakatlarning maxfiy quroli bo‘lishi ham mumkin, bu Yaponiya xavfsizligiga tahdiddir.

***

Argentina prokuraturasi futbol bo‘yicha jahon chempioni Diyego Maradonaning o‘limiga aloqador, deya gumonlanayotgan sakkiz nafar tibbiyot xodimi ustidan sudni oktyabr oyiga ko‘chirdi, deb yozdi“Frans Press” agentligi.

Avvalroq prokuratura Maradona sog‘lig‘i uchun mas’ul shifokorlar beparvolik qilib, sobiq futbolchini yordamsiz qoldirgan, “taqdir hukmiga” tashlab ketishganini ta’kidlagan edi. Ayblanuvchilar – besh shifokor va uch hamshira 8 yildan 25 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

***

Putinning Shimoliy Koreya va Vetnamga tashrifiga tayyorgarlik jarayoni ancha oldinga siljigan, deb bayonot berdi mamlakat TIV rahbari o‘rinbosari Andrey Rudenko.

Avvalroq Rossiya yetakchisi matbuot kotibi Dmitriy Peskov “RIA Novosti”ga Putin KXDRdan taklif olganini aytib, safarga tayyorgarlik ko‘rilayotganini bildirgandi.

***

Eronda navbatdan tashqari prezident sayloviga nomzodlarni ro‘yxatga olish boshlandi. Mamlakat tarixida 14-marta davlat rahbari saylovi tashkil etilyapti. Da’vogarlarning yakuniy ro‘yxati 11 iyunda e’lon qilinadi, saylov 28 iyunga belgilangan.

***

– 2020 yildan buyon, ya’ni urush tamom bo‘lgandan keyin 361 fuqaromiz minadan aziyat chekdi, jumladan 68 kishi halok bo‘ldi, 293 inson og‘ir yaralandi, – dedi Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev “Minaning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish – xavfsiz va yashil kelajak uchun resurslarni safarbar qilish” mavzusida bo‘lib o‘tgan konferensiya ishtirokchilariga qaratilgan murojaatida. – Ularning ko‘pchiligi begunoh aholi vakillariArmaniston bilan harbiy mojaro boshlangandan beri jami 3,400 ozarbayjonlik – 358 bolakay, 38 nafar ayol minadan jabr ko‘rdi.

***

XXR Raisi Si Szinpin Yaqin Sharqdagi vaziyat haqida shunday dedi:

– Yaqin Sharq rivojlanish uchun keng imkoniyatga ega zamin, biroq hudud hamon notinch. O‘tgan yil oktyabrda Falastin – Isroil ziddiyati keskinlashib, odamlarga ulkan kulfat keltira boshladi. Urush abadiy davom etishi, doim adolatsizlik hukm surishi mumkin emas. Ikki davlat tashkil etilishiga asoslangan qarorni amalga oshirishda xohish tufayli ikkilanish bo‘lmasligi kerak. Xitoy 1967 yildagi chegara bo‘yicha o‘z suverenitetiga ega, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlati tuzilib, BMTga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlaydi.

S.Rahimov, O‘zA