Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov Misr Arab Respublikasi Senati Raisi Abdulvahob Abdurroziq boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.

Muloqot avvalida ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, muntazam va samarali muloqotlari tufayli O‘zbekiston bilan Misr o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlik munosabatlari mazmunan boyib borayotgani qayd etildi.

Uchrashuvda delegatsiya a’zolariga “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar, uning doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini ro‘yobga chiqarish borasidagi sa’y-harakatlar hamda ikki palatali parlamentning faoliyati to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar berildi.

Muloqot chog‘ida “O‘zbekiston — Misr” parlamentlararo do‘stlik guruhlari o‘rtasida muloqot yo‘lga qo‘yilgani e’tirof etilib, maslahatlashuv uchrashuvlarini muntazam o‘tkazib borish, qonun ijodkorligi sohasida o‘zaro tajriba almashish hamda fikrlashish uchun keng platforma yaratish borasida fikrlar bildirildi.

O‘z navbatida, Misr Senati Raisi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ularning natijalarini e’tirof etib, parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, shu yo‘nalishdagi muloqotlarni ko‘paytirish har tomonlama foydali ekanini qayd etdi.

Shu bilan birga, ikki davlat o‘rtasida barcha sohalarda ko‘plab kelishuvlarga erishilgani, o‘z navbatida, O‘zbekiston va Misr parlamentariylari ham ushbu hujjatlar ijrosi samarali bajarilishi ustidan birgalikda ish olib borilishini alohida ta’kidladi.

Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, ishbilarmonlik va tadbirkorlik aloqalarini kengaytirish, o‘zaro investitsiyalarni faollashtirish hamda savdo ko‘lamini oshirish, turizm-madaniy sohalardagi ishlarni jadallashtirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi va bulardan unumli foydalanish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

Muloqot yakunida tomonlar O‘zbekiston — Misr parlamentlararo hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olish hamda bu boradagi amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

M.Komilova, O‘zA