Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi, shuningdek, ushbu hujjat bilan birga taqdim etilgan 2022–2024 yillarda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda moliya vaziri T.Ishmetov hamda Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi Sh.Nazarovning kun tartibidagi masalalar bo‘yicha ma’ruzalari eshitildi.
Davlatimiz rahbari huzurida 2022 yil uchun soliq tushumlari hamda byudjet parametrlari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezidentimiz mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, odamlar hayotini yaxshilash bosh maqsad etib belgilangani, bu tamoyillar byudjetni shakllantirishda ham bosh mezon bo‘lishi zarurligini alohida ta’kidlagan edi.
Parlamentga taqdim etilgan qonun loyihasi makroiqtisodiy siyosatning 2022 yil uchun asosiy yo‘nalish va ko‘rsatkichlari pandemiya davridan keyin iqtisodiyotning tiklanishi hamda butun dunyoda pandemiya davom etishi ehtimoli borligidan kelib chiqib shakllantirilgan.
Bunda asosiy e’tibor makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolishga, ya’ni yalpi ichki mahsulotning o‘sishi keyingi yillarda uning ijobiy dinamikasini saqlab qolgan holda, 839,9 trillion so‘mni tashkil etishi hamda 6 foizga o‘sishi nazarda tutilmoqda. Xususan, sanoat ishlab chiqarishi hajmi 7 foiz, qurilishda 8,1 foiz, chakana tovar aylanmasining o‘sish sur’ati 9,3 foizga ko‘payishi prognoz qilinmoqda.
2022 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 254,6 trillion so‘mni, xarajatlari 280,1 trillion so‘mni hamda konsolidatsiyalashgan byudjeti taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotning 3 foizi miqdorida belgilash taklif etilmoqda.
Davlat byudjetining xarajatlari esa 188,9 trillion so‘mni, davlat maqsadli jamg‘armalar xarajatlari 188,9 trillion so‘mni tashkil etadi. 2022 yilda ham Davlat byudjet xarajatlarining yarmi ijtimoiy sohalarga yo‘naltirilishi belgilanmoqda.
Qonun loyihasida byudjet sohasiga oid qator o‘zgartirishlar nazarda tutilmoqda. Xususan, iqtisodiy o‘sish jarayonida tarmoqlar ichidagi masalalarni tezkorlik bilan amalga oshirish va birinchi darajali byudjet mablag‘lari taqsimlovchilarning vakolatini kengaytirish maqsadida ularga o‘zlarining quyi tashkilotlariga o‘zlariga ajratilgan byudjet mablag‘larining cheklangan miqdorlarini 10 foizgacha Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan yo‘naltirish huquqi berilmoqda.
Shuningdek, mahallabay ishlashning yangi tizimi uchun 2,5 trillion so‘m mablag‘ ko‘zda tutilayotgan bo‘lib, ushbu mablag‘lar bevosita hokim yordamchilari tomonidan tasarruf etilishi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda “tibbiyot brigadalari” faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shimcha 20 mingdan ortiq o‘rta tibbiyot xodimlari shtatlarini saqlash uchun 451 milliard so‘m, Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari hamda boshqa davlat va xususiy tibbiyot muasassalarida imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni bepul davolanish (tibbiy yo‘llanma) xarajatlari uchun 589 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.
Majlisda qayd etilganidek, umumta’lim muassasalarini, maktabgacha ta’lim tashkilotlarini, sog‘liqni saqlash muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlashga, shuningdek, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tadbirlari doirasida ob’ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda ta’mirlash-tiklash xarajatlari tegishli mahalliy byudjetlardan amalga oshirish belgilanmoqda.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining mas’uliyati va manfaatdorligini kuchaytirish va vakolatlarini kengaytirish maqsadida advokatlar tomonidan ko‘rsatilgan yuridik yordam uchun haq to‘lash, ko‘p kvartirali uy-joy fondiga tutash hududlarni ta’mirlash xarajatlari va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimiga kiruvchi issiqlik ta’minoti tashkilotlarining issiqlik tarmoqlari va qozonxona uskunalarini kapital ta’mirlash xarajatlari mahalliy byudjetlarga o‘tkazilmoqda.
Shu bilan birga hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va ko‘p yillardan beri aholini qiynab kelayotgan muammolarni tezkor hal etish maqsadida 2022 yil 1 yanvardan boshlab respublikaning barcha tuman (shahar)larida tegishli byudjetlarning tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizi, tuman (shahar)lar byudjetlari qo‘shimcha mablag‘larining kamida 30 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirish qonun bilan mustahkamlanmoqda.
Axborotda qayd etilganidek, xalq vakillari tomonidan o‘tgan davrlar davomida davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunlarni qabul qilish va ularning ijrosi bo‘yicha hisobotlarni ko‘rib chiqish jarayonida bildirilgan taklif va tavsiyalar ham 2022 yilgi byudjetnomada o‘z aksini topmoqda.
Xususan, mahalliy byudjetlar daromadlarini oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika byudjetiga, viloyatlarning viloyat byudjetlariga va Toshkent shahrining shahar byudjetiga o‘tkaziladigan tushumlarga qo‘shimcha tarzda tamaki mahsulotlari uchun aksiz solig‘i bo‘yicha tushumlar to‘liq hajmda o‘tkazilishi belgilanmoqda. Konsolidatsiyalashgan byudjet tarkibida byudjetdan tashqari jamg‘armalar ham kiritilmoqda.
Deputatlar taqdim etilgan axborotdan kelib chiqib, o‘z taklif-tavsiyalari hamda mulohazalarini bildirdilar. Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Yakunda mas’ul qo‘mitaga qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida bildirilgan fikr-mulohaza va takliflar asosida loyihani mutaxassislar va ekspertlar ishtirokida muhokama qilib, maromiga yetkazish topshirildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA