Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

– Taklif etilayotgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan, –dedi yig‘ilishda deputat Kozim Tojiyev. – Mazkur qonun loyihasi bilan 6 ta qonunga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda. Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi qonunchilikdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish va qonun hujjatlarini muvofiqlashtirish imkonini beradi.

Majlisda qonun loyihasi moddama-modda ko‘rib chiqilib, tortishuv va bahs-munozaralardan so‘ng ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilindi.

Shuningdek, majlisda “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyati bo‘yicha Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev ma’ruza qildi. Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi ayrim qonun va qonunosti hujjatlarini tizimlashtirish va unifikatsiya qilish belgilanmoqda.

Qonun loyihasi 8 ta bob, 84 moddadan iborat. Unda huquqbuzarliklar profilaktikasining asosiy tushunchalari, turlari, huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar va muassasalar vakolatlari, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda ishtirok etuvchi organ va muassasalar hamkorligi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish faoliyatini muvofiqlashtirish, huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi ishlarning samaradorligini tashkil etish borasida idoralararo komissiyalar faoliyatini tashkil etish, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda faol ishtirok etganlarni rag‘batlantirish tartibi belgilanmoqda.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA