Joriy yil fevral va aprel oylarida havoning keskin sovib ketishi sababli ertagi muddatda ekilgan sabzining pishishi 20-25 kunga uzaydi.

Shu bois sabzining mavsumiy to‘liq yetilish va yig‘ishtirib olish muddati iyun oyi oxiriga to‘g‘ri keldi. Natijada sabzi eksporti hajmi xorijiy davlatlarda ushbu qishloq xo‘jaligi mahsulotiga bo‘lgan talab va xarid narxlarining o‘sishi oqibatida sezilarli darajada oshdi. 2021 yil 1 noyabr holatiga ko‘ra, jami 50,5 ming tonna yoki o‘tgan yilga nisbatan 17 foiz ko‘p sabzi eksport qilindi. Eksport qilingan sabzining 65 foizi aprel-iyun oylari, ya’ni ertapishar sabzi mavsumiga to‘g‘ri keldi.

Mamlakatimizning qulay iqlim sharoiti tufayli sabzidan yiliga 4 marta hosil olish mumkin. Soha mutaxassislari ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yilda 124,4 ming gektarga (o‘tgan yilga nisbatan 18,2 ming gektarga ko‘p) sabzi ekish va jami 2,3 million tonna hosil olish rejalashtirilgan.

Aholining yillik talabi 800 ming tonnani tashkil etadi. Tibbiy me’yorlarga ko‘ra, bir insonning yillik ehtiyoji taxminan 20 kilogramm. Iste’mol savatchasidagi sabzi mahsulotining ulushi 0,4 foiz hisoblanadi. Yetishtirilgan sabzining qolgan qismi eksport qilinadi va qayta ishlanadi.

Ayni paytda hosilning asosiy qismi ichki bozor ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilmoqda. Aholi uchun «daladan iste’molchigacha» tamoyili asosida arzonlashtirilgan yarmarkalar ishga tushirildi. Ularda sabzi va boshqa asosiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari shundoq dalaning o‘zidan bozorga olib kelingani sabab past narxlarda sotilishiga erishildi. Sabzi narxini barqarorlashtirishga qaratilgan tegishli chora-tadbirlar natijasida ayni paytdagi mahsulot narxi iyun oyi bilan taqqoslaganda 4-5 barobargacha pasayishi kuzatildi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi prognozlariga ko‘ra, 2022 yil bahorida kutiladigan yangi hosilga qadar narxlar shu darajada saqlanib qoladi.

Aholining oziq-ovqatga bo‘lgan talabini qoplash va eksport hajmini oshirish uchun ekin maydonlari kengaytirilib, yuqori hosilli navlarni ekishga e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, sug‘orish texnologiyalaridan unumli foydalanilib, kasallik hamda zararkunandalarga qarshi o‘z vaqtida kurash choralari amalga oshirildi. Bu kabi tadbirlar joriy yilda sabzining o‘rtacha hosildorligini gektaridan 20-25 tonnadan 30-40 tonnagacha oshirish imkonini berdi. Shu tariqa 1 kilogramm sabzining tannarxi fermer xo‘jaliklarida 700-800 so‘mgacha arzonlashdi.

 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA