Avstriya Respublikasi Yevropa va tashqi ishlar vaziri Mixail Linxard boshchiligidagi delegatsiya 7-8 noyabr kunlari mamlakatimizda bo‘ldi.

Tashrifning birinchi kuni delegatsiya a’zolari Samarqand shahrida bo‘lib, tarixiy-me’moriy obidalar bilan tanishdi.

8 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.Komilov M.Linxard boshchiligidagi Avstriya delegatsiyasi bilan uchrashdi.

Muloqotda so‘ngi yillarda O‘zbekiston bilan Avstriya o‘rtasidagi konstruktiv hamkorlik yangi bosqichga chiqqani qayd etildi. Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni faollashtirishga tayyor ekanini bildirdi. Shuningdek, Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat, uning mintaqaviy va xalqaro barqarorlikka ta’siri yuzasidan fikr almashildi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Avstriya Respublikasi Yevropa va tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.

Muzokara yakunida ommaviy axborot vositalari vakillariga uchrashuv tafsilotlari haqida qisqacha ma’lumot berildi.

– O‘zbekiston bilan hamkorlik sur’atidan mamnunmiz. O‘ylaymanki, buni yanada oshirish uchun salohiyat yetarli. Mamlakatingizga Avstriyaning yetakchi ishbilarmonlari bilan keldik. A.Komilov bilan uchrashuvda barcha sohadagi masalalarni muhokama qildik. Afg‘onistondan fuqarolarni evakuatsiya qilishda berilgan ko‘mak uchun O‘zbekistonga minnatdorlik bildiramiz, – dedi Yevropa va tashqi ishlar vaziri M.Linxard.

Shu kuni poytaxtimizda O‘zbekiston – Avstriya biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Forumda mamlakatimizning ishlab chiqarish va investitsiya salohiyati, xorijlik investorlarga yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov avstriyalik ishbilarmon doira vakillari bilan qator yo‘nalishlarda hamkorlik kengayayotganini ta’kidladi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi 2017 yilga nisbatan 40 foizga oshib, qo‘shma korxonalar soni ancha ko‘paygan. Forumda Avstriya tomoni energetika, kimyo va neft-gaz kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirdi.

Forum 12 noyabrgacha davom etadi. Unda Avstriyaning 30 dan ortiq kompaniyasi ishtirok etmoqda. Tadbirda xususiy sektorni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi, trening va muzokaralar o‘tkaziladi. Yakunda qo‘shma investitsiya loyihalari va kelishuvlar imzolanadi.

Avstriya delegatsiyasi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham bo‘lib, muassasa faoliyati, bu yerdagi noyob qo‘lyozmalar bilan tanishdi.

 

Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA