Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari A.Davletov barchani ӯzbek tili bayrami kuni bilan samimiy muborakbod etdi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirishga katta e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Zero, xalqimizda “Til – millatning ma’naviy boyligi”, “Til – jamiyat o‘zligining o‘lchovi”, “Til – millat xazinasi”, “Til yashasa, millat yashaydi”, degan terang ma’noli naqllar bejizga aytilmagan.

Chunki, har bir xalqning o‘zligini namoyon qilishida, jamiyatning rivojlanishida til muhim ahamiyat kasb etib, til – xalqning tarixini, urf-odat hamda dasturlarini o‘zida mujassam etgan bebaho xazinasi hisoblanadi. Shuning uchun ham joriy yilda ushbu bayramning “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida o‘tkazilishi ham bejiz emas.

Texnika-texnologiya jadal rivojlanib, har xil yot g‘oyalar milliy mafkuramizga xavf solayotgan bugungi kunda ona tilimizni asrab-avaylash va uning lug‘aviy boyligini oshirish dolzarb vazifalardan sanaladi. Shu bois yurtimizda davlat tilini yanada rivojlantirishga, uni yanada boyitish va sof holida kelajak avlodga yetkazishga, ona tilimizni sevishga va yanada ardoqlashga, uning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Albatta, bu o‘z navbatida yurtimiz mustaqilligining ma’naviy asoslarini mustahkamlashda, xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni milliy qadriyatlarimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bu borada qabul qilingan qonun, qaror hamda farmonlar yurtimizda o‘zbek tilining obro‘-e’tiborini tubdan oshirishda, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlashda, yurtimizdagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirishda, o‘zbek tili va til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalishlari, vazifalari hamda istiqboldagi bosqichlarini belgilashda muhim o‘rin egallaydi.

Ushbu qutlug‘ bayram munosabati bilan mamlakatimizda xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazilib, yurtimiz o‘qituvchilari o‘rtasida «Yilning eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi» tanlovi tashkil etilmoqda.

Xorijiy davlatlardagi ko‘plab universitetlar, ilmiy muassasalarda o‘zbek tili markazlarining faoliyat yuritayotgani, turli darajadagi rasmiy uchrashuvlarda o‘zbek tilidan davlat tili sifatida keng foydalanilayotgani, bir qator rivojlangan xorijiy davlatlarning oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek tili va adabiyoti darslarining o‘qitilayotgani, zamonaviy o‘zbek adabiyoti namunalarining dunyo xalqlari tillariga tarjima qilinayotgani – bularning barchasi o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmat va e’tiborning, davlat tilini o‘rganishga qiziquvchilar sonining tobora ortib borishiga asos bo‘lmoqda.

Mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida har tomonlama bilimli, salohiyatli mutaxassislarni tayyorlashga, o‘qituvchi-murabbiylarni qo‘llab-quvvatlashga, soha vakillarini ma’naviy va moddiy jihatdan rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Chunki, hozirgidek globallashuv davrida ona tilimizni sof holida saqlash va uni kelajak avlodga bezavol yetkazishda o‘qituvchilarning o‘rni beqiyos hisoblanadi.

Albatta, bunday mas’uliyatli vazifaning ahamiyatini chuqur anglagan holda yoshlarimizni ona tilimizga, milliy qadriyatlarimizga sadoqat ruxida tarbiyalashda barcha fidoyilik ko‘rsatishi lozim.

Bayram munosabati bilan bir guruh ӯzbek tili va adabiyoti fani ӯqituvchilariga esdalik sovg‘alari topshirildi.

San’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA