O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvi davom etmoqda.

–Qancha qurilish kerak bo‘lsa, qilib beramiz, lekin meni bezovta qilayotgan asosiy masala, bu – poytaxt maktablaridagi ta’lim sifati va bolalarimiz tarbiyasi. Misol uchun, Olmazor, Uchtepa, Shayxontohur, Bektemir tumanlarida oliygohlarga kirish darajasi respublikadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past. Ayniqsa, Shayxontohurda 5 ta va Olmazorda 4 ta maktab bitiruvchilarining bor-yo‘g‘i 5-6 foizi oliygohlarga kira olgan,– dedi Shavkat Mirziyoyev. –Shu bilan birga, poytaxt maktablarida o‘quvchilarga kasb-hunar berish ishlari hali tizimli yo‘lga qo‘yilgani yo‘q. Bundan tashqari, 23 ming nafar pedagogning yarmidan ko‘pi malaka toifasiga ega emas.

Poytaxtda ta’lim sifatini yaxshilash maqsadida Toshkent tajribasi yaratilishi ma’lum qilindi.

Bunda:

– har bir tumanga xorijdan malakali mutaxassislar jalb qilinib,  “Ilg‘or ta’lim” pedagoglarni o‘qitish markazi tashkil qilinadi;

– eng zamonaviy metodikalar va dasturlar asosida 23 mingdan ziyod pedagoglarning malakasi oshiriladi;

– barcha chet tillari va Ay-Ti o‘qituvchilari kelgusi uch yilda xalqaro sertifikatlar oladilar.

Umuman, o‘quvchilar maktabni kamida bitta kasb-hunarni egallagan holda tamomlashlari shart. Shu maqsadda maktablarda o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirishga ko‘maklashadigan alohida lavozim kiritiladi.

Ular kasbga o‘rgatishning yangi tizimi asosida 9-11 sinf o‘quvchilarini turli korxonalarda 3 oy davomida ish o‘rganishini tashkillashtiradi. Bunda kasb o‘rganayotgan o‘quvchilarga ish haqi davlat tomonidan to‘lanadi.

bugungi kunda eng dolzarb masala – bu bola tarbiyasi. Shu bois o‘quvchilarning kun davomida vaqtini mazmunli o‘tkazishni nazarda tutuvchi alohida o‘quv va to‘garaklar dasturi ishlab chiqiladi.

Bu masalada ota-onalar bilan maktab o‘rtasida  “o‘zaro majburiyatlar shartnomasi” tuziladi. Endi ota-ona bolaning ta’lim-tarbiyasi uchun nimaga javob beradi-yu, muallimlar qanday majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi, bularning hammasi aniq-aniq belgilanadi.

Har bir maktab atrofida joylashgan mahalla, oliygoh va korxona vakillaridan iborat  “ziyolilar guruhlari”ning ishi faollashtiriladi.