“Toshkent – biznes uchun ulkan imkoniyatlar shahri” dasturini amalga oshirish orqali kelgusi besh yil ichida yalpi hududiy mahsulot hajmi 200 trillion so‘mga yetkazilib, qariyb 2 barobarga o‘sishi ta’minlanadi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.

–Kelajakda Toshkent shahrini ilg‘or innovatsion va investitsion hududga aylantiramiz. Jumladan, shaharda joylashgan og‘ir sanoat korxonalari poytaxt tashqarisiga bosqichma-bosqich ko‘chiriladi, shaharda esa yuqori texnologiyali innovatsion tarmoqlar – elektronika va elektrotexnika, Ay-Ti injiniring, biotexnologiya korxonalari joylashadi,– dedi Shavkat Mirziyoyev.

“O‘zekspomarkaz” hududida Toshkent xalqaro moliyaviy markazi barpo etiladi va unda faoliyat yuritadigan xalqaro banklar, moliyaviy institutlar, yuridik, konsalting va investitsion kompaniyalarga qulay sharoitlar yaratiladi. Ushbu markaz nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqamiz uchun investitsiyalar xabiga aylanadi. Shahar uchun alohida Ilg‘or loyihalar va injiniring markazi ochiladi.

Shuningdek, kadrlar zaxirasini yaratish maqsadida “ta’lim – ilm – tadqiqot” tamoyili asosida har bir oliygoh o‘quv dasturlarini “yashil” va “raqamli” iqtisodiyotga yo‘naltirish uchun trasformatsiya qilinadi.

Ushbu tizimning o‘zagi Yangi O‘zbekiston universiteti bo‘ladi.

Har bir tumanda Innovatsiya va texnologiya markazi hamda “loyiha guruhlari” tashkil etilib, ularda davlat-xususiy sheriklik asosida alohida texnopark va Ay-Ti maktabi faoliyat yuritadi.

Istiqbolli loyihalarga To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi 30 foiz ulush bilan kiradi va bunga 200 million dollar ajratiladi.

Yangi tashkil etiladigan O‘zbekiston taraqqiyot banki tomonidan Toshkent shahri tadbirkorlariga qulay shartlarda uzoq muddatli kreditlar ajratish uchun 1 milliard dollar resurslar tijorat banklari orqali emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘naltiriladi.

 O‘zA