O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvi davom etmoqda.

–Poytaxt aholisi va ularning daromadlari oshgani hisobiga so‘nggi yillarda shaxsiy avtotransportlar 2-3 barobar ko‘payib, kuniga shahar ko‘chalarida 700-800 mingdan ziyod transport harakatlanmoqda. Bu tirbandliklarni keltirib chiqarish bilan birga, ekologiya, piyoda va yo‘lovchilar xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Lekin, poytaxtning jamoat transporti va yo‘l infratuzilmasi bu muammolarga hali munosib javob qaytara olmayapti. Shaharda yer osti va yer usti piyoda o‘tish yo‘laklari, avtoturargohlar yetishmaydi.

Shuningdek, poytaxtda 500 dan ziyod katta chorrahalar mavjud bo‘lib, ularning 200 tasida transport vositalarini o‘tkazish darajasi past.

Jamoat transportidan bor-yo‘g‘i 33 foiz yo‘lovchi foydalanmoqda. Masalan, bugungi kunda 80 ta yo‘nalishdagi avtobuslarning intervali tig‘iz paytlarda 30 minutgacha kechikkani, aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Shu bois, kelgusi besh yilda shaharda o‘zaro uzviy bog‘langan barcha transport turlarini rivojlantirish dasturi qabul qilinadi.

Bunda:

– yer usti transporti va metro yo‘nalishlari kesishuvida 16 ta yirik avtostansiyalar;

– Chilonzor, Yunusobod va Yashnobod tumanlaridagi shaharga olib kiruvchi 6 ta metro bekati atrofida avtoturargohlar;

– markaziy ko‘chalarda 40 ming avtomobillar uchun, 80 ta ko‘p qavatli avtoturargohlar;

– tirbandlik yuqori bo‘lgan ko‘chalarda 21 ta yo‘l o‘tkazgichlar quriladi;

– yer usti halqa metropoliteni yo‘lining 7 ta bekatdan iborat 13 kilometr uzunlikdagi “Qo‘yliq-Qipchoq” uchastkasi qurilishi yakuniga yetkaziladi.

Shuningdek:

– yo‘l harakatini “aqlli tartibga solish” tizimi joriy etilib, bunga shaharning 500 ta yirik chorrahasi ulanadi;

– 200 ga yaqin muntazam avtobus yo‘nalishlari tashkil etiladi;

– jamoat transporti parkini yangilash uchun 400 ta zamonaviy avtobus, 700 ta elektrobus olib kelinadi;

– 90 ta yangi zamonaviy metro poyezdlari olib kelinib, yo‘lovchilar tashish quvvati 2 barobarga oshiriladi. Avtobuslar qatnovini subsidiyalash tizimi ham qayta ko‘rib chiqiladi.

 

O‘zA