Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev saylovchilar bilan uchrashish uchun 7 oktyabr kuni Sirdaryo viloyatiga keldi.

Sirdaryo tumanidagi “Sirdaryo mega lyuks” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxonada nomzodning viloyat saylovchilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.

Uchrashuvni nomzodning Sirdaryo viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Pokiza Ahmedjonova ochdi.

Joriy yil 24 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan muhim ijtimoiy-siyosiy tadbir – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga viloyatda puxta tayyorgarlik ko‘rilayotgani qayd etildi.

Ishonchli vakil keyingi yillarda Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimiz, shu jumladan, Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, yirik ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar, ularning odamlar turmushi farovonligini yaxshilashdagi ahamiyati haqida to‘xtaldi. Ayniqsa, sanoat yo‘nalishida o‘nlab yirik korxonalar foydalanishga topshirilgani, minglab ish o‘rinlari yaratilganini alohida ta’kidladi. Shundan so‘ng so‘z O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevga berildi.

Ayni paytda Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qilmoqda.

 

O‘zA