O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Milliy teleradiokompaniya, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi, Badiiy akademiya, Respublika “Tasviriy oyna” ijodiy uyushmasi tomonidan Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash tadbiri o‘z nihoyasiga yetdi.
Tantanali marosimda 6 yo‘nalish bo‘yicha 1-o‘rin sohiblariga I darajali diplom, 2-o‘rin g‘oliblariga II darajali diplom, 3-o‘rin sovrindorlariga III darajali diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Shu o‘rinda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va mamlakatimiz viloyatlarida ham “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovining hududiy bosqichlari yuqori saviyada o‘tkazilganini, ular yakuniga ko‘ra, hududlarda faoliyat olib boruvchi iqtidorli ijodkorlar munosib taqdirlangani alohida e’tiborga loyiqdir.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, ushbu ko‘rik- tanlov 1997 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan tashkil etilib, 24 yildan buyon o‘tkazilib kelinadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA